SSV: Minsk xirurgiya, transplantasiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududlarida transplantasiya amaliyotlari o‘tkazishga kelishildi

SSV: Minsk xirurgiya, transplantasiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududlarida transplantasiya amaliyotlari o‘tkazishga kelishildi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi tizim mas’ullaridan iborat delegasiyaning Belarus Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda.

Tashrif doirasidagi navbatdagi manzil Minsk xirurgiya, transplantasiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazi bo‘ldi.

Vazir ushbu tibbiyot muassasasining faoliyati bilan tanishib, markaz rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda ta’kidlanganidek, 1976 yilda tashkil etilgan ushbu ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasasida bemorlarga 2 000 dan ortiq malakali tibbiyot xodimlari yuqori texnologik, shoshilinch va rejali tibbiy yordam ko‘rsatadi.

Muassasa 965 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 12 ta klinik bo‘lim va qator universitetlar kafedralari faoliyat yuritadi. Qolaversa, markazda kindik qoni o‘zak hujayralari, kardiojarrohlikda qo‘llash uchun klapan allograftlari banklari tashkil etilgan.

Minsk xirurgiya, transplantasiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazida qator innovasion muolaja usullari ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, mazkur tibbiyot muassasasida jigar transplantantini tayyorlashning kompleks usuli ishlab chiqilgan bo‘lib, operasiyadan keyin asoratlar kelib chiqish xavfini bir necha barobarga kamaytirish imkonini berdi.

Shuningdek, bu yerda Xodjkin limfomasining rezistent shakllari yoki residiviga chalingan bemorlarni gemopoetik o‘zak hujayrlarinining tandem autologik transplantasiyasi asosida davolash usuli joriy etilgan.

Vazir va markaz vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida ikki tomonlama aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, o‘zaro mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish, shu jumladan ikki mamlakatning turli hududlarida jigar, buyrak transplantasiyasi kabi qo‘shma yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.

Xizmat safari davom etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!