SSV: Bolalar milliy tibbiyot markazida yil boshidan buyon 1200 ta kardioxirurgik amaliyot o‘tkazildi
Bolalar milliy tibbiyot markazi to‘liq zamonaviy tibbiy jihozlar bilan, jumladan, magnit rezonans tomografiya, multispiral kompyuter tomografiya, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil avval aniqlaydigan eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Jarrohlik uskunalariga maxsus kamera o‘rnatilgan bo‘lib, boshqa shifoxonalar mutaxassislari va oliy ta’lim muassasalari talabalari operasiyalarni onlayn tarzda kuzatib borishi, zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy ko‘riklar hamda konsiliumlar tashkil etish imkoni yaratilgan.
Ushbu texnologiyalar asosida 2022 yil 1000 ga yaqin, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 1200 ta kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Qashqadaryo va Jizzax viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalari tarkibida markaz filiali sifatida bolalar kardioxirurgiya bo‘limlari tashkil qilinib, shu yil 20 dan ortiq bemorda kardiojarrohlik operasiyalari bajarildi.
Joriy yil chet davlatlar bilan o‘rnatilgan o‘zaro aloqalar natijasida markazning urologik va plastik xirurglardan iborat mutaxassislarining malaka oshirishi yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlarida markaz xirurglari tomonidan hamkorlikdagi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
Shuningdek, ushbu mamlakatlardan kelgan mutaxassislar ushbu muassasada tajriba almashib bormoqda.
