SSV: Ayollarda onkologik kasalliklarni erta aniqlaydigan mutaxassislarni o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimi takomillashtirilmoqda.
Bunda 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ginekolog mutaxassislarni bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningini o‘tkazish bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi;
klinik ordinatura (rezidentura) va magistraturaning ginekologiya va onkologiya mutaxassisliklari, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash o‘quv dasturlariga bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga o‘qitish bo‘yicha modullar kiritiladi.
Vazirlik Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator – “Uzinfocom” MCHJ bilan birgalikda
2025 yil 1 mayga qadar:
a) bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash sifatini baholash va monitoring qilib borish tizimini joriy etib, skrining registri yuritilishini yo‘lga qo‘yishi;
b) skrining dasturiga kiritilgan ayollar bilan qayta aloqa qilish tizimini (mobil ilova va boshqalar orqali) joriy etishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, joriy yilda:
ilg‘or xalqaro tajribani inobatga olib, skrining algoritmlarini nazarda tutgan holda saratonoldi kasalliklari, bachadon bo‘yni saratoni skriningi va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tashxislash va davolash bo‘yicha milliy klinik protokollar tasdiqlanadi;
bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni skriningi, diagnostikasi, davolash va keyinchalik kuzatish tartibi ishlab chiqiladi.
Bunda:
kasallik bosqichi va tarqalganlik darajasidan kelib chiqib, aniqlangan bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini davolash sxemalari;
jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan bemorlarni kuzatish, reabilitasiya qilish va palliativ parvarishlash sxemalari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, diagnostika jarayonlarining sifat nazorati standartlarini ham ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.