Markaziy bank 9 ta bankka ogohlantirish berdi
Markaziy bankning nazorat qo‘mitasi o‘tgan yilning dekabr oyidagi yig‘ilishlarida 37 ta masalan ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bu haqida bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yil dekabr oyi davomida ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 27 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish (4 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (7 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari va muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (7 ta) kabi masalalar ko‘rilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, amaldagi qonunchilik, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1 ta bank, 1 ta lombard va 1 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, Bank nazorati qo‘mitasining tegishli qarorlari bilan “NUR LOMBARD” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi tomonidan lombard faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi sababli lombardlar reestridan chiqarilgan.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 10 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi hamda tijorat banklari, mikromoliya tashkiloti va to‘lov tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.
Tijorat banklari, mikromoliya tashkilotlari va to‘lov tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, jumladan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablariga, shuningdek, valyuta va tashqi savdo operasiyalarini amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilmaganligi uchun 9 ta bank, 2 ta lombard va 1 ta mikromoliya tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil noyabr oyida Markaziy bank sakkizta bank, 7 ta to‘lov tashkiloti hamda 12 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima solgan edi.
Shuningdek, yana 22 ta bank hamda 3 ta to‘lov tashkiloti chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.