Asadning Suriyadan qochishining yangi tafsilotlari paydo bo‘ldi: U bir necha kun Putinga qo‘ng‘iroq qilishga uringan
"Al Arabiya" telekanalining Mazej podkastiga bergan intervyusida, Suriya prezidenti Bashar Asadning sobiq matbuot kotibi Kamel Sakr quyidagilarni ma’lum qildi: Rossiya Halab shahri qulashi ortidan Eron harbiy yordamini Suriya armiyasiga yetkazib berish uchun Xmeymim bazasidan foydalanish to‘g‘risidagi ag‘darilgan Suriya prezidenti Bashar Asadning iltimoslariga javob bermagan. Bundan tashqari, Asad qochishidan oldingi bir necha kun davomida prezident Vladimir Putin bilan aloqa o‘rnata olmagan.
Sakrning so‘zlariga ko‘ra, Suriyaning sobiq prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan bir necha bor bog‘lanishga uringanida o‘zini “yakkalangan va yolg‘iz” his qilgan. Uning urinishlari chorshanba, 4-dekabrdan 5-dekabr, payshanba kunigacha davom etdi. 8 dekabr kuni muxolifat Damashqni egalladi, Asad rejimi quladi va u mamlakatdan Rossiyaga qochib, u yerda boshpana topdi.
Putin bilan bog‘lanish urinishlari muvaffaqiyasizlikka uchragach, Asad Rossiya prezidentining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Aleksandr Lavrentevga qo‘ng‘iroq qilib, undan davlat rahbari bilan aloqa o‘rnatishni so‘ragan, deb ta’kidlaydi Sakr. Lavrentev unga prezident ayni paytda Belarusga tashrif buyurganini va qo‘ng‘iroq qila olmasligini aytgan. Putin 6 dekabr kuni ishchi tashrif bilan respublikada bo‘lgan.
Asadning sobiq vakili 5 dekabr, payshanba kuni televideniyeda nutq so‘zlamoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. U "taxminan 400 ta so‘zdan iborat" nutqni tayyorlab, "juda asabiylashgan". Biroq, sobiq prezident dastlab nutqini jumaga, keyin esa shanbaga ko‘chirgan. Suriyadan jo‘nab ketishidan bir necha soat oldin esa uni butunlay bekor qilishga qaror qilgan.
Sakrning aytishicha, 8 dekabr kuni yarim kechadan so‘ng Asad prezident saroyida mamlakatni tark etishiga yordam bergan rossiyalik harbiy attasheni qabul qilgan. Avval uni Damashq ayeroportiga, so‘ng Xmeymim ayeroportiga va Latakiyadagi Rossiya bazasiga, u yerdan esa Rossiyaga olib ketishgan.