Soxta yangiliklarni aniqlovchi sayt ishga tushirildi

Qirg‘izistonda faktlarni tekshirish bo‘yicha birinchi resurs(factcheck.kg) ishga tushirildi. Bu haqda "xs.uz" xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur manbaning asosiy vazifasi qirg‘iz segmentida tarqatilayotgan axborotlarni tekshirish va soxta yangiliklarning manipulyasion ta’sirini kamaytirishdir.
Axborotlar haqqoniyligini professional jurnalistlar jamoasi tekshirib beradi.
Ushbu loyiha OAV va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan axborotlarni tanqidiy qabul qilish darajasini oshirish, qolaversa, haqqoniy ma’lumotlardan boxabarlik miqyosini kengaytirish, jurnalistlar va sohaning boshqa mutaxassislari media madaniyatini yuksalitirishdir.
Yangi portal muharriri B.Temirovning aytishicha, faktlarni tekshirish(faktcheking) jurnalistikadagi yangi yo‘nalishdir.
“Faktcheking ochiq ma’lumotlar bilan ishlaydi. Oy davomida biz OAV internet sahifalari, ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilib bordik va tendensiyalarni aniqladik. Qalbaki axborotlar yo‘q deb bo‘lmaydi. Ular turli sabablar tufayli tarqaladi: jurnalistlarning xatolari va kamchiliklari bo‘ladi, lekin soxta yangiliklar ko‘pincha atayin uyushtiriladi”, - dedi u.
B.Temirovning qayd etishicha, portalning maqsadi jurnalistlarni va iste’molchilarni manipulyasiyani aniqlashga o‘rgatishdir.