Sovg‘a!

Sovg‘a!

Har qanday sovg‘aning ahamiyatini va siz uchun qadrini ko‘taradigan jihati nimada ekanligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Hayotda bo‘ladigan voqealardan misol oling. Tug‘ilgan kuningiz. Hamkasblaringiz o‘zaro pul yig‘ishib sizga ajoyib bir qo‘l soati sovg‘a qilishdi. Yoki siz hurmat qiladigan, hayiqadigan va albatta e’tiboriga tushishni istaydigan rahbaringiz sizni chaqirib, men senga alohida sovg‘a tayyorlab qo‘ydim, desa. Qaysi sovg‘a siz uchun qadrliroq bo‘ladi?

Yoki oddiy ro‘molcha. Do‘stingiz, “Ma ol, ishlatib yurasan, yaxshi ekan”, deb bergani qayerda-yu, siz sevgan, yoqtirgan, balkim yetisha olmagan va “Men siz uchun oldim”, deb berib ketgan. Balkim qaytib kelmaydigan birinchi muhabbatingizning ro‘molchasining qadri qayerda. Ikkisi ham bir xil ro‘molcha, to‘g‘rimi?

Oxirgi yilda olgan barcha sovg‘a va hadyalaringizni bir sarhisob qilib ko‘ring, qay biri siz uchun qadrliroq va nega?

Sovg‘ani, hadyani va tuxfani qadrli qiluvchi narsa aslida uning o‘zi emas, balki uni berayotgan shaxsning siz uchun ahamiyati, sizga ko‘ra maqomidir.

O‘sha soatni sizga, masalan, davlat rahbari berdi. Kabinetiga chaqirtirib. Chaqirganda ham, avval Davlat maslahatchisiga topshiriq beradi, maslahatchi vazirga, vazir hokimga, hokim rahbaringizga yoki mahalla raisiningizga (o‘zi agar yugirib kelmasa). Shunday qilib tepadan to sizgacha chaqiriq nechta maqomlar orqali o‘tib keladi.

- Said Komil Xolxo‘jayev sizmisiz?! Tez tayyorlaning, ketamiz. Bundaymas, yaxshi kiyimlaringizni kiying, ust-boshingizga qarang! Sochingizni tarang! 
- Nimaga tinchlikmi?
- Tinchlik, keyin bilasiz...

Bir necha postlardan o‘tasiz, sizni umuman ko‘rmagan, tanimagan, boshqa payt ahamiyat bermaydigan Davlat maslahatchilari ham turib kutib oladi, falon narsani ayting, sekin gapiring, mulozamat qiling, doim tashakkur ayting, yerga qarab turing, u qiling bu qiling deb o‘rgatadi. So‘ng kabinet eshigi ochilib, sizni chaqirishadi va siz uchun Shaxsan o‘zlari “Said Komil, mana bu soatni sizga sovg‘a qilaman, shaxsan siz uchun, o‘z nomimdan” deydi.

Nima bo‘ldi, tinchlikmi? Nega menga, shaxsan o‘zlari, nima qildim, nima qilishmoqchi, degan mingta hayol bilan qo‘lingiz qaltirab, tilingiz tutiladi. R-r-r-r-rahmat! deb dong qotasiz. Nega? Chunki shaxsan o‘zlari chaqirib berdilar, chaqirganda ham cherez – cherez kimlar orqali!

Soat qadrli-ya?! Qadrli albatta, shaxsan o‘zlari berdi-ya! Oddiy bir soat bo‘lmasa.

Hayotda shunday voqealar bo‘lishi mumkinmi? Mumkin va bo‘lmoqda ham. Har kuni, menga, sizga, hammamizga shunday sovg‘alar beriladi.

Berganda ham shaxsan O‘zi beradi. Yetti osmon tepasidan, azim farishtalar orqali xabar berib, falonchi bandamga boringlarda mening huzurimdan falon-falon narsani rizq qilib beringlar. Tepadan pastki qavatga, so‘ng undan pastki osmonga, so‘ng yana pastga, to sizgacha, farishtalar orqali "Allohning huzuridan Said Komilga" degan rizq tushib keladi va sizga tong saharda yetib keladi, siz esa saharda g‘aflat bosib uxlab yotgan bo‘lasiz.

Har kunlik rizqingiz, shaxsan O‘zidan! Qadrli emasmi?! O‘g‘lingiz, qizingiz, ishingiz, oyligingiz, topganingiz, sog‘lig‘ingiz, tinchligingiz, ofiyatingiz shaxsan Oliy va Azim bo‘lgan Zot, olamlarning Robbisi Allohdan, Uning huzuridan emasmi? Razzoq va Rohmandan emasmi?!

Aslida Allohning o‘zi uchun U berayotgan ne’matning katta yoki kichikligi yo‘q. Bir qultum suvni ham, butun olam boyliklarini ham sizga “Ol!” deydi, olasiz. Uning huzuridan zarracha narsa kamayib ham qolmaydi.

Ya’ni rizqning qadri uning nima ekanligi emas, kimdan ekanligida-ku! Nega qadrlamaysiz?

"Bas, Robbingizning qaysi ne’matlarini yolg‘on deya olursiz?!" ("Rohman" surasi).

"Albatta, inson o‘z Robbisiga noshukrdir. Va albatta, u ana shunga o‘zi guvohdir" ("Adiyat" surasi).

Ey Robbim, bizni noshukr bandalaringdan qilmagin. Yetti osmon ustidan bizga xos qilib bergan har bir rizqingga, ne’matingga va fazlingga O‘zing rozi bo‘ladigan darajada shukr qilamiz!

Va albatta bularning hisobini berish uchun O‘zingga bir kun qaytamiz!....

Said Komil XOLXO‘JAYEV,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!