Shveysariyada jamoat joylarida paranji va niqob taqish taqiqlanadi

Shveysariyada jamoat joylarida paranji va niqob taqish taqiqlanadi

Shveysariyada fuqarolarning ko‘pchiligi jamoat joylarida yuzni to‘liq yopib turuvchi kiyim elementlarini, shu jumladan, musulmon ayollar uchun an’anaviy bo‘lgan paranji va niqob taqib yurishni taqiqlash uchun ovoz berdi, deb yozadi «RBK».

Xalq tashabbusi bo‘yicha referendumda bunday kiyimni taqiqlash uchun 51,2 foiz ovoz yig‘ildi, ovoz berishda jami saylovchilarning 51,4 foizi qatnashdi.

Tashabbusni konservativ Shveysariya xalq partiyasi (SVP) ilgari surdi. Taqiq nafaqat musulmonlarga xos kiyim-kechaklarga, balki, masalan, futbol ishqibozlari va norozilik namoyishlari qatnashchilari kiyadigan balaklavalarga ham taalluqli. Bu jinoyatchilikka qarshi kurashda va yuzlarini yopib yurishga majburlanadigan ayollarni himoya qilishda yordam beradi, deb hisoblaydi taqiq tarafdorlari.

Mamlakat fuqarolari muayyan qaror qabul qilgani tufayli, bugungi kundan tegishli konstitusiyaviy nizom kuchga kiradi. Ammo endi uning ijro etilishi yuzasidan mahalliy hukumatlar bir qarorga kelishi kerak. Shveysariyaning barcha kantonlari rahbariyati yuzni yopib yurishga umumiy taqiq kiritishi shart, tayyorgarlik ko‘rish va zarur farmonlarni qabul qilish uchun ularda eng ko‘pi bilan ikki yil vaqt bor. Referendumgacha bunday taqiq Tichino va Sankt-Gallene kantonlarida amal qilgan.

Mamlakat adliya vaziri Katin Keller-Satter referendum yakunlarini izohlar ekan, Shveysariya Federal kengashi va parlamenti yuzni yopib turadigan kiyimlarni taqiqlashga qarshi chiqqanini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, cheklov mamlakatda yashaydigan musulmonlarga qaratilmagan, u boshqa ba’zi Yevropa mamlakatlarida paranji allaqachon taqiqlanganiga ishora qildi.

Ayni vaqtda Shveysariya Markaziy islom kengashi referendum natijalaridan hafsalasi pir bo‘lganini va taqiqni buzgan ayollar uchun jarima to‘lash majburiyatini o‘z bo‘yniga olishga tayyorligini ma’lum qildi.

2009 yilda Shveysariya fuqarolarining ko‘pchiligi (59 foizi) referendum orqali minoralar qurishni taqiqlash to‘g‘risidagi tuzatishning Konstitusiyaga kiritilishini ma’qullagan edi. Buni ham o‘sha Shveysariya xalq partiyasi taklif qilgan. Siyosiy birlashma fikricha, minoralar jamiyatni islomlashtirish timsoli bo‘lib, islomning diniy va siyosiy hokimiyatga intilishi ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

Bu kabi qonunlar allaqachon Avstriya, Bolgariya, Fransiya, Belgiya va Daniyada amal qiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!