Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon bilan tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqiga Ramazon tabrigi yo‘lladi.
El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda.
«So‘nggi yillarda mamlakatimizda islom dini va madaniyati ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning muqaddas qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Ulug‘ ajdodlarimizning shonli an’analariga sadoqat bilan yashab kelayotgan xalqimizning azmu shijoati bilan noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida – Islom sivilizasiyasi markazi, Samarqandda esa buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazilganini faxr bilan aytib o‘tmoqchiman.
Ramazoni sharif kunlarida muhtaram ulamolarimiz, ilm-fan va ijod ahli, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ana shu tabarruk maskanlarda buyuk aziz-avliyo va allomalarimiz xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, bu muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalqimiz uchun keng ochishni reja qilganmiz va bu ishlarni albatta amalga oshiramiz.
Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz», deyiladi tabrikda.
«Ushbu shukuhli kunlarda barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman. Ro‘za kunlarida qilinadigan barcha ibodatlar, ezgu niyat va amallar ijobat bo‘lsin!», deya tilak bildirdi davlat rahbari.
