Husanovni afsonaviy himoyachiga tenglashtirishdi
Ayni paytda futbol mutaxassisi sifatida faoliyat yuritayotgan Angliya futbolining yorqin yulduzlaridan Gari Nevill “Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik legioneri Abduqodir Husanov haqida iliq fikr bildirdi.
- Bir necha oy avval Abduqodir Husanov yuqori sport formasiga chiqishda qiynalayotgan edi. Hozir esa, u to‘satdan Ronald Kumanga aylanib qoldi, - dedi Gari Nevill.
Darhaqiqat, 22 yoshli o‘zbek futbolchisi keyingi paytda Xosep Gvardiola jamoasi himoya chizig‘ining haqiqiy yetakchisiga aylanib bormoqda. Ekspertlar Husanovning o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini e’tirof etyapti.
“Manchester Siti” murabbiylar shtabi mavsumning eng murakkab pallasidagi jiddiy o‘yinlarda ham Abduqodirga ishonch bildiryapti.
Xususan, manchesterliklarga joriy mavsum chempionlikni qo‘lga kiritish imkonini bergan Londonda “Chelsi” qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ham Husanovning o‘yini yuqori baholadi.
“Manchester Siti” va Angliya Premyer-ligasining rasmiy akkauntlari Husanovning “Chelsi” bilan o‘yinda uzoq masofaga uzatgan aniq paslariga alohida e’tibor qaratib, maxsus videorolikni muxlislar e’tiboriga havola qildi.
Ushbu bahsda Husanov 77 ta pas berdi, shulardan 72 tasi aniq chiqdi. Ayniqsa, uning uzoq uzatmalari ajralib turdi, himoyachi 10 marta to‘pni hujumning oxirgi qismiga yetkazib berdi. Jami 8 ta uzoq masofaga uzatilgan pasdan 6 tasi manzilga aniq yetib bordi.
Futbolchi maydonda barcha 90 daqiqani o‘tkazdi va himoyada ham, hujumni boshlashda ham ishonchli o‘yin namoyish etdi.
Joriy mavsumda Abduqodir Husanov barcha musobaqalarda 31 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Ularning aksariyatida hamyurtimiz boshlang‘ich tarkibdan joy olgan.
Husanov “Manchester Siti” tarkibida Angliya ligasi kubogida g‘olib chiqib, legioner sifatida ilk sovrinini qo‘lga kiritdi.
22 yoshli legionerimiz yanvar va mart oylarida “Manchester Siti”ning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgani ham uning jamoadagi o‘rni va mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
