Shavkat Mirziyoyev: Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi birodar xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos keladi

Shavkat Mirziyoyev: Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi birodar xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos keladi

Dushanbedagi “Qasri Millat” davlat qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Etakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tashrif arafasida biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida yangi kooperasiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmasevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

Tomonlar kooperasiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qo‘shma Investisiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlari muntazam o‘tkazilishi ta’kidlandi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!