Senat qo‘mitasi adliya vazirining axborotini muhokama qildi

Senat qo‘mitasi adliya vazirining axborotini muhokama qildi

Joriy yilning 24-may kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha 450 mingga yaqin tadbirlar o‘tkazilgan. Shundan televideniye orqali 12 157 ta, radioda 18 844 ta chiqish qilingan, 188 300 ta seminar va davra suhbatlari o‘tkazilgan, ijtimoiy tarmoqlarda 185 300 dan ortiq ma’lumotlar joylashtirilgan, 13 000 dan ziyod tahliliy ma’lumot va maqolalar gazeta va jurnallarda chop etilgan, 516 ta qo‘llanma va boshqa yozma materiallar, 22 394 ta ko‘rgazmali targ‘ibot materiali tayyorlab tarqatilgan.

Elektron portalga kiritilgan ma’lumotlarning tahlili esa Favqulodda vaziyatlar, Iqtisodiyot va moliya, Raqamli texnologiyalar, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirliklari, Fuqaro aviasiyasi hamda Bilim va malakalarni baholash agentliklari, Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan huquqiy targ‘ibotga yetarli e’tibor qaratilmaganligini ko‘rsatib, ularning faoliyati past baholangan.

Andijon, Farg‘ona va Samarqand viloyat adliya boshqarmalari tomonidan mahalliy Kengashlarga taqdim etiladigan axborotlarning muddati va sifatiga yetarli e’tibor qaratilmaganligi qayd etildi.

Shuningdek, huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Andijon, Samarqand va Toshkent viloyat adliya boshqarmalari rahbarlarining ham axborotlari eshitildi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda avvalo, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini kuchaytirish kerakligi va ular aholiga o‘rnak bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, muhokama jarayonida kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor rejalar ham belgilandi. Xususan, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bu borada davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ta’lim tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Muhokama so‘nggida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!