Sankt-Peterburgdagi daryoga qulagan avtobus haydovchisi ikki oyga hibsga olindi

Sankt-Peterburgdagi daryoga qulagan avtobus haydovchisi ikki oyga hibsga olindi

Sankt-Peterburgdagi Oktyabr rayoni sudi 10 may kuni Moyka daryosiga tushib ketgan avtobus haydovchisi Rahmatshoh Qurbonovni 9 iyulga qadar hibsga oldi. U ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzishda ayblanmoqda.

Qurbonov mahalliy vaqt bilan ertalabki soat sakkizlarda yo‘nalishga chiqqan. Uch soat vaqt o‘tganidan keyin u avtobus tormozidagi nosozlikni payqab qolgan. Haydovchining aytishicha, avtobus darhol to‘xtamagan — faqat qo‘shimcha bir necha metr yurganidan keyin to‘xtagan.

Tergov qo‘mitasining ma’lum qilishicha, avtobus haydovchisidan tashqari odamlarni tashish xizmatini ko‘rsatgan “Taksi” MCHJ avtokolonnasi boshlig‘i ushlangan. Uning shaxsi ochiqlanmagan.

"Lavozimiga ko‘ra, ushbu shaxs mehnat va transport intizomi, jumladan, “Taksi” MCHJda ishlovchi haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, daryoga qulagan avtobus haydovchisi bir necha kun mobaynida zarur dam olish vaqti berilmagan", — deyiladi Tergov Qo‘mitasi press-relizida.

10 may kuni kunduzi Peterburgda yo‘nalishli avtobus Poseluyev ko‘prigidan Moyka daryosiga qulagan, natijada yetti kishi halok bo‘lgandi. Tergov qo‘mitasi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atgan: ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish haqidagi modda (RF JK 264-moddasi 5-qismi, maksimal jazo — yetti yilga ozodlikdan mahrum etish) va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish haqidagi modda bo‘yicha (RF JK 238-moddasi 3-qismi, maksimal jazosi — o‘n yilga ozodlikdan mahrum etish) bo‘yicha. Tergov doirasida avtobus haydovchisi ikki yil muqaddam Rossiya fuqaroligini olgan 44 yoshli tojikistonlik Rahmatshoh Qurbonov qo‘lga olingandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!