Samarqandda vahshiylik! Bir kunda besh chaqaloq tug‘ruqxonada vafot etdi, qiz tuqqan onaga o‘g‘il bola murdasi berildi

Samarqandda vahshiylik! Bir kunda besh chaqaloq tug‘ruqxonada vafot etdi, qiz tuqqan onaga o‘g‘il bola murdasi berildi

Aynan 18 iyun kuni, Samarqandda chaqaloqlar abort qilib olingani, muzlatkichda saqlangani va pechda yoqib yuborilgani, soxta hujjatlar bilan ayrimlari sotib yuborilgani ma’lum bo‘lgan.

“Jahon.uz”ga internet nashriga Bosh Prokuratura Matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, Samarqand shahar, Yoshlar mahallasida yashovchi, 1992 yilning 25 may kuni tug‘ilgan F.M.ning, 2019 yil 28 fevral kuni Samarqand viloyat Perinatal Markazida turmush o‘rtog‘i G.K qiz jinsli chaqaloq tuqqanligini, shu kuni kechki paytda shifokorlar turmush o‘rtog‘i G.K.ga uning chaqalog‘i vafot etganligini ma’lum qilishib, unga o‘g‘il jinsli chaqaloqning murdasini berib yuborishganligini ma’lum qilgan.

U yuqoridagi holatga aniqlik kiritib berishni so‘rab Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB ga yozma murojaat qilgan va murojaatga asosan esa Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud Ekspertiza markaziga ekspertiza tayinlanib, 2019 yil 31 maydagi xulosasida vafot etgan chaqaloq murdasidan olingan namunalar fuqaro F.M va G.K.larning farzandidan kelib chiqmaganligi, fuqarolar F.M. va G.K.larning vafot etgan chaqaloqga nisbatan biologik ota-onaligi tasdiqlanmasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur to‘plangan hujjatlar bo‘yicha Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan 2019 yil 6 iyunda holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 124-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi hujjatlari shahar prokuraturasida nazorat tartibida o‘rganilib, Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan dastlabki o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 329-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilib, belgilangan muddatlarda qaror qabul qilinishi ta’minlanmaganligi sababli, aybdor shaxslarning tegishli intizomiy javobgarlik masalasini hal etish yuzasidan Samarqand viloyat IIBga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Jinoyat ishi tergovi davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, unda 2019 yil 27 fevral kunidan soat 08:00 dan 2019 yil 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida Samarqand viloyat Perinatal Markazida jami 36 nafar ayollar tomonidan 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, ushbu chaqaloqlardan 2019 yil 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloqlar turli tashxislar bilan vafot etganligi qayd etilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB bo‘linma boshlig‘i rahbarligida tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi tergovi Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Bu ishga aloqador kasb egalarining xayoli qayerda, ularning ko‘zlari ko‘r, quloqlari kar emasmi, mabodo?

Samarqandda chaqaloqning qadri bir tiyinmi? Bir safar shundoq ham hammasiga ko‘z yumdik, lekin bunisi oshib tushdiku!

Agar eslasangiz, 2018 yilning aynan 18 iyun kuni, ya’ni bundan bir yil muqaddam Samarqanddagi klinikada noqonuniy abortlar qilingani va bolalar sotilgani haqida internet yashin tezligida xabarlar tarqalgan edi.

O‘shanda, Samarqanddagi xususiy klinikada noqonuniy abortlar qilingani va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar sotilgani, kamiga zaif tug‘ilib qolgan go‘daklarning jasadi pechkada yoqib yuborilgani haqida tarqalgan xabardan karaxt holga kelmaganmidik?

Oradan bir yil o‘tgach tarqalgan xabarni eshitgach, karaxt holdagi boshga bolg‘a bilan urgandek bo‘lmadimi?

Samarqanddagi “Sam suzani plyus” klinikasida sun’iy abort yo‘li bilan tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullanilgani, zaif bolalarning jasadi yoqib yuborilgani, feral oyining oxirida mutaxasissligi bo‘yicha bolalar vrachi bo‘lgan, mazkur klinikaning bosh vrachi vazifasida ishlab kelgan Nigora Solixonova 13 yilu 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgani kamlik qildimi? O‘shanda eslasangiz, akusher ginekolog D. Najimova ham 13 yilu 6 oy qamoqqa hukm qilingandi.

Bundan bir yil oldingi holatda, shifoxona xodimlari tirik tug‘ilgan chaqaloqlarni soxta hujjat bilan 500 AQSh dollaridan 2000 AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda farzandsiz oilalarga pullash bilan shug‘ullanib kelishgan. Jinoiy guruh farzand umidida murojaat qilgan fuqarolardan pullarni olib, sun’iy yo‘l bilan abort qilingan bolalarni sotib kelgan. Klinika sun’iy abort bo‘yicha o‘rnatilgan tibbiyot qoidalariga umuman e’tibor qilmagan. Bir ayol homiladorlikning 27−28 haftasida murojaat qilgan. Klinika abort uchun 500 dollar olgan. Yashashi mumkin bo‘lgan qizaloq “xaridorning” yo‘q bo‘lib qolishi natijasida och qoladi. O‘z navbatida N. Solixonovaning topshirig‘i bilan chaqaloq D. Najimova ishlaydigan tug‘uruq majmuasiga jo‘natiladi. Chaqaloq esa pechda yoqib yuboriladi.

Samarqandlik onalarda qo‘rquv paydo bo‘lmaydi. Bundan bir yil avvalgi holatda hamma xususiy klinika-ku, deya o‘zini ovutdi. Endi-chi? Samarqand viloyat Perinatal Markazi! Bu nafaqat Samarqand shahardagi, balki butun viloyatdagi nufuzli va malakali shifokorlar faoliyat yuritadigan maskan-ku! Nima bolalarimizning taqdiri “mol do‘xtirlar”ga qolib ketdi-mi?

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori Otabek Murodov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov,Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovdan ushbu vaziyatni shaxsan nazoratga olishlarini iltimos qilib so‘ragan bo‘lardim. Nega-ki, shifokorlarning jinoyati ortidan Ichki ishlar xodimlari ham o‘z vazifalarini bajarishmadi. Demak, Samarqandda “poyezd o‘z yo‘li(izi)dan chiqqan”, u yerda bu soha vakillarining ayrimlari “o‘ziga xon ko‘lankasi maydon” shekilli! Bu illat bugun bartaraf etilmasa, ertaga “portlaydi”, ertaga “kech bo‘ladi”!!! Shu sababdan nazoratni o‘z qo‘lingizga oling!

Manba: 7news.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!