Saida Mirziyoyeva: Alifbo masalasiga nuqta qo‘yish kerak

Saida Mirziyoyeva: Alifbo masalasiga nuqta qo‘yish kerak

Ayni vaqtda Toshkentdagi “Tashkent City Congress Hall”da “Jadidlar milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzuida xalqaro konferensiya boshlandi.

Mazkur tadbir Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda tashkillashtirilmoqda.

Tilda, fikrda, ishda birlik

Yurtimizda tashkillashtirilayotgan ushbu konferensiya taraqqiyparvar ajdodlarimizni nafaqat xotirlash, balki ular boshlab bergan birlik hamda taraqqiyotni davom ettirish uchun muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida aytilganidek, Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish bizning ustuvor vazifamizdir...”

So‘nggi yillarda yurtimizda XX asrdagi qattol qatag‘on mashinasi qurboni bo‘lgan ziyolilarimiz, faol va zahmatkash xalqimiz vakillarining xotirasini abadiylashtirish, ularning ilmiy hamda ijodiy merosini yanada chuqurroq o‘rganib, targ‘ib qilishga qaratilgan ko‘plab tadbirlar, forum-konferensiyalar o‘tkazib kelinmoqda, ko‘rgazmalar, muzey hamda jamoat fondlari tashkil etildi. Shuningdek, bugungi kunda Buxoro shahrida ham Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilib, millat oydinlarining faoliyati mufassal o‘rganish imkoniyati yaratilmoqda.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlarimiz jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangdir.

Shu bois, xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etishga alohida e’tibor berilmoqda, — deyiladi Prezident tabrigida.

Yurtimizda yaratilayotgan ushbu imkoniyatlar, o‘z navbatida, faqatgina yurtdosh tarixchilarimizni emas, xalqaro miqiyosda ilm kishilarini ham jalb etmoqda. Bugungi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvesiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan taniqli olimlar qiziqish bildirib, o‘z tadqiqotlari davomida yurtimizdagi ushbu imkoniyatlardan foydalanishmoqda.

Hech nimadan qo‘rqmay, aniq maqsad sari harakat qilish lozim!

Davlat rahbari nutqidan so‘ng so‘zga chiqqan Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘z nutqi davomida barcha o‘zbek xotin-qizlarini faol bo‘lishga, bilim olishga chorlab, o‘rnak o‘laroq Maryam Sultonmurodovani xotirladi. “Men ta’lim olish uchun Yevropaga borgan, o‘z yurtiga qaytgach, nohaq ayblovlar bilan qiynoqqa solingan, turli azob va sinovlarga qaramay, ruhi sinmagan jadidlar izdoshi Maryam Sultonmurodovani eslab o‘tmoqchiman. Uning matonati, qat’iyati, boshiga qanday og‘ir kunlar tushmasin, hayotini Vatan va millat xizmatiga bag‘ishlagani barchamizga ibrat maktabi bo‘la oladi.

Bugun, shu fursatdan foydalanib, barcha xotin-qizlarimizni hayotda faol bo‘lishga, bilim olishga, o‘z ustilarida ishlashga, Maryam kabi hech nimadan qo‘rqmay, aniq maqsad sari harakat qilishga chaqiraman. Chunki, bugun O‘zbekistonda ilm-ma’rifatga intilish xavf emas, balki ehtiyojdir. Va bugungi O‘zbekistonga ana shunday Maryamlar juda kerak.”, — deydi Saida Mirziyoyeva.

Bu — Vatan va millat sha’niga daxldor masala

Saida Mirziyoyeva Abdulla Avloniyning “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oynai hayoti – til va adabiyotidir. Milliy tilni yo‘qotmoq millatning ruhini yo‘qotmoqdir”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirib, konferensiya ishtirokchilari e’tiborini muhim bir masalaga qaratdi. Mirziyoyeva "O‘tgan yillar davomida milliy alifbomizni isloh qilish masalasida ko‘plab fikrlar tinglandi, qizg‘in bahslar olib borildi. Ammo bir to‘xtamga kelinmadi.

Lekin men bir misolga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Lotin yozuviga asoslangan alifbomizda hatto Vatanimiz nomi ham, ciz monitorda ko‘rib turganingizdek, turli joylarda turlicha yozilmoqda.", — deya konferensiya ishtirokchilariga quyidagi rasmni ko‘rsatdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!