Ruxsatsiz Haj ibodatini ado etishga uringan shaxslar katta miqdorda jarimaga tortiladi va 10 yilgacha Saudiya Arabistoniga kiritilmaydi

Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi ruxsatsiz Haj ziyoratiga borgan kishilar va ularga yordam beruvchilarga nisbatan jazo choralari joriy etilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, ushbu tartib zulqa’da oyining 1-kunidan zulhijja oyining 14-kuniga qadar (1 maydan 13 iyungacha) amal qiladi.
Jazolar quyidagicha:
1️⃣ Ruxsatnomasiz Haj ibodatini ado etishga urinayotgan shaxslar, shuningdek, belgilangan muddat davomida Makka shahri va muqaddas joylarga kirishga yoki u yerda qolishga harakat qilgan Haj vizasi yo‘q shaxslar 20 ming Saudiya riyaligacha (5 ming 330 dollar) jarimaga tortiladi.
2️⃣ Ruxsatnomasiz Haj ibodatini ado etishga uringan shaxslar uchun tashrif vizasi olishga yordam bergan, shuningdek, ularni mamlakat ichida olib yurgan, boshpana bergan yoki yashirinishga ko‘maklashgan shaxslarga 100 ming riyalgacha (26,7 ming dollar) jarima solinadi. Bunda yordam ko‘rsatilgan har bir shaxs uchun jarima miqdori alohida hisoblanadi.
3️⃣ Ruxsatsiz Haj ibodatini ado etishga uringan shaxslar o‘z mamlakatlariga deportasiya qilinadi va 10 yil davomida Saudiya Arabistoniga kirishi taqiqlanadi.
4️⃣ Haj vizasi yo‘q shaxslarni Makka shahri va muqaddas joylarga tashish uchun foydalanilgan quruqlikdagi transport vositalari sud qarori bilan musodara qilinishi mumkin.