O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlarning homilador bo‘lib qolishi borasida javobgarlik kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda erta nikoh, erta yoshdagi tug‘uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalariga oila institutini mustahkamlash jamiyatda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirishning muhim yo‘nalishi sifatida doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Ushbu masalalar eng yuqori darajada bir necha bor muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.
Bugungi taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan bir qator masalalar bo‘yicha quyidagi takliflar bildirildi:
– shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qat’iylashtirish;
– pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazoni belgilash;
– Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o‘tkazmaslik;
– Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo‘yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o‘tkazish;
– shahvoniy shilqimlik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo‘yicha prokuror qarorini olish shartligi;
– ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug‘ullanishi;
– zo‘ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini o‘rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.
Shuningdek, yurtimizda nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar o‘rtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:
– nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar o‘rtasida tuzilishini rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
– davlat bojidan imtiyozlar berish yo‘li bilan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilishini rag‘batlantirish;
– nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;
– erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish bo‘yicha idoralararo zanjirni yo‘lga qo‘yish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash;
– homilador yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun ta’limni davom ettirish imkonini berish orqali ularni ta’limdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etildi.
Davlatimiz rahbari bildirilgan tashabbuslarni ma’qullab, tegishli farmonga imzo chekdi hamda sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
