Chorvachilik sohasida xalqaro hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda
Joriy yilning 4 mart kuni Namangan shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohani rivojlantirishga oid qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida loyihaning asosiy yo‘nalishlari, tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘mak mexanizmlari hamda uni amalga oshirishning joriy bosqichida erishilgan natijalar taqdimot qilindi. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Umumiy qiymati 100,0 million yevroni tashkil etuvchi ushbu strategik loyiha 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, uning bosh maqsadi chorvachilik tarmog‘ini ilg‘or texnologiyalar asosida modernizasiya qilish, mahsuldorlikni oshirish hamda iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat.
Loyiha doirasida tadbirkorlarga milliy valyuta ekvivalentida 100 ming yevrogacha bo‘lgan mablag‘lar 10 yil muddatga (3 yillik imtiyozli davr bilan) taqdim etilmoqda. Qo‘llab-quvvatlashning eng muhim vositalaridan biri grant tizimi bo‘lib, unga ko‘ra, loyiha ishga tushirilganidan so‘ng olingan kredit summasining 30 foizigacha bo‘lgan qismi tadbirkorga grant sifatida qaytarib beriladi. Shuningdek, loyiha tashabbuskori bo‘lgan ayollar va 24 yoshgacha bo‘lgan tadbirkor yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular uchun jami grant miqdori kredit summasining 40 foizigacha yetishi mumkin.
Ajratilayotgan grant mablag‘lari chorvachilik sohasidagi «yashil» loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan. Bunda go‘sht va sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonalarini modernizasiya qilish, yuqori sifatli ozuqa ishlab chiqarish, intensiv baliqchilikni rivojlantirish hamda energiya tejovchi texnologiyalar asosida zamonaviy chorvachilik va parrandachilik majmualarini qurish kabi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyatga ega. Shuningdek, asalarichilikni rivojlantirish, quyosh panellari va tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish hamda qishloq xo‘jaligi texnikalarini yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Matbuot anjumanida loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Hozirgi kunga qadar 321 ta kichik loyiha moliyalashtirilib, buning natijasida 3 085 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 825 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlandi. Soha mutaxassislarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 1 256 nafar mutaxassis, shu jumladan, 243 nafar rahbar va 1 013 nafar veterinar xalqaro standartlar asosida malaka oshirdi.
Veterinariya sohasiga hayvonlar kasalliklarini masofadan kuzatish (onlayn-monitoring) imkonini beruvchi zamonaviy tizim joriy etildi. Ushbu texnologiya butun mamlakat bo‘ylab epizootik holatni real vaqt rejimida kuzatish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarga tezkorlik bilan chora ko‘rish imkonini beradi. Mazkur loyiha nafaqat tadbirkorlik faolligini oshirish, balki xotin-qizlarni biznesga jalb qilishning muhim ijtimoiy mexanizmi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bunday tizimli yondashuv hududlarda yangi ish o‘rinlari va aholi uchun doimiy daromad manbalarini yaratishga zamin yaratmoqda.
