O‘zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayeva vafot etdi
O‘zbekiston xalq artisti teatr va kino aktrisasi Shafoat Rahmatullayeva 83 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar qildi.
U ko‘p yillar davomida teatr sohasida faoliyat yuritib kelgan. Shuningdek, kinofilmlarda turli rollarni ham ijro etgan.
Shafoat Rahmatullayeva keng diapazonli aktrisa bo‘lib, musiqiy va dramatik hamda komediya, tragediya janrlaridagi spektakllarda ijod qilib keladi: Maysara (Hamza, “Maysaraning ishi”), Narzi (Z. Fatxullin, “Vatan ishqi”), Poshsha xola, Zebo (M. Boboyev, “Qaydasan, jon bolam”, “Er tomiri”), Gonorelya (U. Shekspir, “Qirol Lir”), Zuhra (Abdulla Qahhor, “Og‘riq tishlar”), Jurden xonim (Molyer, “Soxta oqso‘yak”), Tosh xola (J. Mahmudov, “Ayollar fig‘oni”), Ma’mura kampir (Jan Sarron, “Ma’mura kampir”) kabi rollari bilan tanildi. 1995 yil Poshsha xola va Ma’mura kampir rollari uchun yilning “Eng yaxshi ayol roli” sovrini bilan taqdirlandi.
U o‘zining yorqin va mazmunli rollari orqali tomoshabinlar qalbidan o‘rin olgan.