Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi
Rossiyada qarovsiz qolib ketgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) axborot xizmati xabariga ko‘ra, idora so‘roviga asosan RF Bolalar ombudmani mamlakatning turli hududlarida qarovsiz qoldirilgan voyaga yetmagan bolalarni O‘zbekistonga qaytarilguniga qadar ular yashab turgan hududlardagi bolalar muassasalariga vaqtincha joylashtirib turgan.
Jumladan, bolalarning 4 nafari - Sankt-Peterburg shahrida, 2 nafari - Moskva shahrida, 3 nafari - Volgograd viloyatida, 2 nafari - Tula viloyatida, shuningdek, 4 nafari - Samara, Tombov, Orlov hamda Lipetsk viloyatlaridagi bolalar muassasalarida yashab turgan.
«Biz bolalarni O‘zbekistonga repatriasiya qilish uchun qabul qildik. Markazda bo‘lgan vaqt mobaynida ularga barcha ijtimoiy va tibbiy yordam ko‘rsatildi, – dedi Moskva shahridagi «Markaziy» oilaviy tarbiyaga ko‘maklashish markazi bo‘lim rahbari Odil Zokirov.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan bolalarning Vatanga qaytishi uchun zarur sertifikatlar bepul rasmiylashtirildi.
Voyaga yetmagan bolalar O‘zbekistonga qaytgach, yaqin qarindoshlari homiyligiga (vasiyligiga) yoki mamlakatdagi maxsus bolalar muassasalariga topshiriladi.