Bo‘stonliqdagi dam olish maskanlariga transport harakati bir tomonlama tashkil etiladi
Tog‘li hududlarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisasining oldini olish maqsadida joriy yilning 12 yanvariga qadar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlari – Amirsoy, Bildirsoy, Chimyonga transport harakati bir tomonlama tashkil etiladi. Bu haqda viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlarida 31 dekabrdan 2025 yil 12 yanvarga qadar fuqarolar tashrifi odatdagidan ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Shuni inobatga olgan holda ushbu dam olish maskanlariga olib boruvchi yo‘lda tirbandliklarning oldini olish maqsad qilingan.
Rejaga ko‘ra, 4R6 “Toshkent–Chirchiq–Chimyon” avtomobil yo‘lining 57-kilometridan boshlab, mazkur yo‘lning 92-kilometrigacha, ya’ni 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutashgan joygacha transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etiladi.
Harakat bir tomonlama tashkil etilgan yo‘lning boshida 5.5 (bir tomonlama harakatli yo‘l) va yo‘lning oxirida 5.6 (bir tomonlama harakatli yo‘lning oxiri) axborot ko‘rsatgich yo‘l belgilari, shuningdek, harakatlanib kirish taqiqlangan qismida 3.1 (kirish taqiqlangan) yo‘l belgisi o‘rnatiladi.