Yangi Orleanda avtomobil odamlarni bosib ketdi. 10 kishi halok bo‘lgan
AQShning Yangi Orlean shahrida yangi yil kechasi avtomobil shahar markazidagi odamlar ustiga haydaldi, deb xabar beradi CNN.
Voqea fransuz kvartalining asosiy ko‘chasi va shaharning eng mashhur turistik maskanlaridan biri hisoblanuvchi Burbon-Stritda sodir bo‘lgan. Ushbu ko‘chada ko‘plab barlar, restoran va tungi klublar joylashgan — hujum yuz bergan vaqtda ularning barchasi odamlarga to‘la edi.
Shahar favqulodda xizmatlarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi shifoxonaga yotqizilgan.
Guvohlarning CBS News’ga ma’lum qilishicha, odamlarni bosib ketgan avtomobil haydovchisi mashinadan tushib atrofdagilarga qarata o‘t ochgan. Polisiyachilar ham unga javoban o‘q uzgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki polisiyachi jarohat olgan, shifokorlar ularning ahvolini barqaror deya baholamoqda.
Fox News’ning ma’lum qilishicha, Federal qidiruv byurosi fojia yuz bergan hudud yaqinidan portlovchi qurilmani topgan. Yangi Orlean polisiyasi xavfsizlik choralarini kuchaytirgan, qo‘shimcha 300 nafar xodim jalb etilgan.
NBC va CNN telekanallari huquq-tartibot organlaridagi manbalariga asoslangan holda hujum qilgan shaxs otishma vaqtida halok bo‘lganini xabar qilgan. Uning motivlari hozircha ma’lum emas, sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani ham.
Luiziana shtati gubernatori Jeff Lendri sodir bo‘lgan voqeani «dahshatli zo‘ravonlik akti» deb atadi va hujum yuz bergan joy atrofida yashovchilar mazkur hududga yaqinlashmaslikka chaqirdi.