Rossiyada Gaaga sudi faoliyati taqiqlanishi mumkin

Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Rossiyada Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) faoliyatini taqiqlashni, unga «yordam va qo‘llab-quvvatlov uchun» javobgarlikni joriy etishni taklif qildi. Bu haqda Volodin o‘zining Telegram-kanalida 25 mart, shanba kuni yozgan.
U 2002 yilda qabul qilingan AQShning harbiy xizmatchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunini misol qilib keltirdi, unda hech bir Amerika fuqarosi XJS orderi asosida hibsga olinishi yoki qo‘lga olinishi mumkin emas. Qonun, shuningdek, AQShga Haagadagi sud qo‘liga tushgan har qanday amerikalikni ozod qilish uchun harbiy kuch ishlatishga ruxsat beradi. Ushbu band tufayli Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti uni «Haagaga bostirib kirish haqidagi qonun» deb atagan.
Volodin Xalqaro jinoiy sud qarorlari Rossiyada ijro etilmayotganini eslatib, endi «bu ishni davom ettirish to‘g‘ri» ekanini aytdi. «Mamlakatimiz hududida XJSning har qanday faoliyatini taqiqlovchi qonunchilikka o‘zgartirishlarni ishlab chiqish, shuningdek, XJSni targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun javobgarlikni nazarda tutish kerak», deb yozadi Davlat dumasi spikeri. Volodin, shuningdek, «do‘st davlatlar» bilan XJS hamkorligi va unga yordam berishdan voz kechishni nazarda tutuvchi ikki tomonlama shartnomalar tuzishni taklif qildi.
Bundan tashqari, Rossiya prezidentiga «xalqaro tuzilmalar Rossiya Konstitusiyasi normalariga zid bo‘lgan qarorlar qabul qilgan taqdirda fuqarolarni himoya qilish uchun har qanday choralarni ko‘rish» huquqini berish kerak, deb hisoblaydi Volodin.
Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Putinni hibsga olishga order berdi. XJS uni Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga majburan deportasiya qilishga aloqadorlikda gumon qilmoqda.