Rossiya va Eron yetakchilari Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin eronlik hamkasbi Masud Pezeshkian bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi.
Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlarining telefon muloqoti Eron tomonining tashabbusi bilan 2 dekabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan.
"Asosiy e’tibor Suriya Arab Respublikasidagi keskinlashgan vaziyatga qaratilmoqda. Terrorchi guruhlar va to‘dalarning keng ko‘lamli tajovuzi Suriya davlatining suvereniteti, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazish deb baholanmoqda. Suriya qonuniy organlarining mamlakat konstitusiyaviy tuzumi va hududiy yaxlitligini tiklash bo‘yicha harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash bildirildi", — deyiladi bayonotda.
Turkiya ishtirokida “Ostona formati” doirasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi ham ta’kidlandi.
Turli sohalarda Rossiya-Eron hamkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari, jumladan, 2024 yil 23 oktyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha Vladimir Putin va Masud Pezeshkian o‘rtasidagi kelishuvlarni hisobga olgan holda muhokama qilindi. Ikki davlat rahbarlarining boshqa darajalardagi keyingi aloqalari uchun reja belgilandi.
Suriyaning Aleppo va Idlib viloyatlarida Asad rejimi kuchlari bilan rejimga qarshi qurolli guruh o‘rtasida shiddatli to‘qnashuvlar oltinchi kundan beri davom etmoqda.
27 noyabr kuni Suriya shimolidagi Halab viloyatining g‘arbiy qismida Asad rejimi kuchlari bilan rejimga qarshi qurolli guruhlar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi.
27—28 noyabr kunlari qurolli guruhlar Halabning g‘arbiy viloyatlaridan markazga tezlik bilan oldinga o‘tdi va 30 noyabrda markazning katta qismi ustidan nazorat o‘rnatdi.
30 noyabr kuni qurolli kuchlar Xon Shayxun shahrini egallab, Idlibning butun hududi ustidan nazorat o‘rnatdi.