Respublika bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” o‘tkaziladi

Respublika bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” o‘tkaziladi

O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida “Ma’naviyat festivali”ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir respublikamiz viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2-marotaba tashkil etilmoqda. Festival doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar hamda uni tashkil etishda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan ishlab chiqilgan dasturda har bir hududning ijtimoiy holat va qadriyatlari hisobga olindi.

Respublika bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” o‘tkaziladi

Festival davomida “Ma’rifat soati”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni”, “Ayolga ehtirom”, “Mening farzandim – O‘zbekiston faxri”, “Ziyolilar forumi”, “Inson qadri”, “Zukko bolajon”, “Teatrlar haftaligi”, “Ma’rifat tur”, “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihalari tashkil etiladi.

“Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida konferensiya, kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan “Ma’rifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyalari, yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, “Ma’rifat soatlari” ham bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, “Milliy qo‘shiqlar va maqom”, “Vatan madhi”, “Baxshilar tarannumida” nomli konsert dasturlari, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” nomli psixologik suhbatlar hamda “Ma’rifat ziyo” platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Mazkur festivalda 18 ta loyiha doirasida 252 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi va 3 millionga yaqin aholini qamrab olish ko‘zda tutilgan. Tadbirlar joriy yilning may oyidan boshlanib, yil yakuniga qadar davom etadi. Festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati va boshqa tashkilotlar hamkorligida o‘tkaziladi.

Respublika bo‘ylab “Ma’naviyat festivali” o‘tkaziladi

“Ma’naviyat festivali” tadbirlarida keng targ‘ibot ishlarini amalga oshirish uchun barcha viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston respublikasidan 500 nafarga yaqin pedagoglar, professorlar, huquqshunoslar, psixologlar, san’at va madaniyat xodimlaridan iborat faol targ‘ibotchilar guruhi ish olib boradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!