“Raqqosalikka 200 dollar” – Andijonda bog‘cha mudirasiga hukm o‘qildi

“Raqqosalikka 200 dollar” – Andijonda bog‘cha mudirasiga hukm o‘qildi

Andijon viloyati tumanlarining birida raqqosalik shtati uchun ishga qabul qilish evaziga fuqarodan 200 dollar pora olgan maktabgacha ta’lim tashkiloti direktoriga hukm o‘qildi. Bu haqda andijonnoma.uz’ga viloyat sudi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, fuqaro G.D. o‘tgan yilning noyabr oyida maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori N.R. huzuriga ish so‘rab boradi. Murojaatchi muloqot chog‘ida o‘zining oliy ma’lumotli ekanini, musiqa yo‘nalishi bo‘yicha diplomi borligini bildiradi. Direktor xoreografiya, ya’ni raqqosalik shtati uchun bir nafar xodim zarurligini, ana shu joyga ishga olishi mumkinligini ma’lum qilib, hujjatlarni yig‘ib kelishini so‘raydi. Suhbat orasida fuqaro ishga joylashishi evaziga biror xizmat bo‘lsa, tayyor ekanini bildiradi. Bog‘cha mudirasi esa tashkilot issiqxonasini ta’mirlash kerakligini, shunga homiylik qilishini pisanda qiladi.

Ayni muloqotdan ikki kun o‘tib, G.D. hujjatlari bilan birga, 200 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni direktorga yetkazib beradi. Pulni hali sumkasiga solib ulgarmagan N.R. esa Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, xolis guvohlar ishtirokida qo‘lga olinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ulug‘nor tumani sudi raisi Sherzod Nazirov raisligida ko‘rib chiqilgan sud majlisida holatga atroflicha baho berilib, N.R.ga ikki yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilot va muassasalarda mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mosuvo etgan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchining hukm o‘qilgan sanaga qadar ehtiyot chorasi tariqasida uy qamog‘ida saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, 4 yil 10 oy 18 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirilgan hamda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasi tatbiq qilinib, berilgan jazo shartliga almashtirilgan hamda 2 yil sinov muddati belgilangan.

Qayd etilishicha, sud hukmi bilan N.R.ga sinov davrida bajarilishi lozim bo‘lgan bir qator majburiyatlar ham yuklatilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!