Qo‘shimcha grant asosida OTMga kirmoqchi bo‘lgan xotin-qizlardan talab etiladigan hujjatlar ma’lum qilindi

Qo‘shimcha grant asosida OTMga kirmoqchi bo‘lgan xotin-qizlardan talab etiladigan hujjatlar ma’lum qilindi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tuman boshqarmalarida tashkil etilgan ishchi guruh talabgor qizlarning hujjatlarini viloyat boshqarmalariga 8 iyulga qadar taqdim etadi. Viloyat boshqarmalari tomonidan esa hujjatlar ko‘rib chiqilib, 10 iyulga qadar vazirlikka yuborishlari lozim. 15 iyulga qadar tegishli tavsiyanomalar xotin-qizlarga beriladi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Mirzajonova AOKAda o‘tkazilgan brifingda xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4 foizli grant ajratilishi tartibi haqida ma’lumot berdi.

Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha grant uchun tavsiyanomalar berish maqsadida Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi va uning viloyat boshqarmalari, shahar va tuman bo‘limlarida maxsus ishchi guruhlari tuziladi.

«Grantga talabgor bo‘lgan qizlarning hujjatlarini qabul qilish tuman, shahar ishchi guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. Tuman, shahar ishchi guruh tarkibiga tuman, shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i, moliya bo‘limi boshlig‘i, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i, maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Yoshlar Ittifoqi tuman, shahar kengashi raisi kiritiladi.

Tavsiyanomalar haqiqiy egasiga borib yetishi shart. Tuman shahar ishchi guruhlari tomonidan talabgor qizlarning hujjatlarini qabul qilib olish muddati joriy yil 24 iyundan 10 iyulgacha etib belgilandi», deya qayd etdi Dilshoda Mirzajonova.

Ma’lum qilinishicha, talabgor qizlar quyidagi hujjatlarni topshirishi lozim:

  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nomiga ariza;
  • Grant olish uchun belgilangan talablardan biriga to‘g‘ri kelishini tasdiqlovchi hujjatlar (ilovasi, bilan);
  • Ma’lumotnoma, ob’ektivka;
  • Umumta’lim maktabi yoki o‘rta maxsus kasb-hunar muassasasidan ma’lumotnoma;
  • Pasport yoki tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Talabgorlarning hujjatlari ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi va grant asosida o‘qishga tavsiya etilgan qizlar ro‘yxati ishchi guruh bayoni asosida tasdiqlanadi. So‘ng barcha kerakli hujjatlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi viloyat boshqarmalariga, so‘ng vazirlikka yuboriladi. 15 iyulga qadar tegishli tavsiyanomalar xotin-qizlarga beriladi va 2020 yil 20 iyulgacha tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati Davlat test markaziga taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, davlat granti uchun tavsiyanomalar quyidagi toifa xotin-qizlarga beriladi:

  • kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
  • to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
  • 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
  • shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
  • ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
  • nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
  • oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marta past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!