Qo‘rg‘ontepada “ish vaqtim tugadi” deb qabuliga kiritmagan shifokor sabab homilador ayol vafot etdi – OAV

Qo‘rg‘ontepa tumanida «ish vaqtim tugadi» deb qabuliga kiritmagan shifokor sabab homilador ayol vafot etgan.
Bugun.uz’dagi mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 21 yoshli Saodat To‘lanboyeva tumandagi tug‘ruq bo‘limiga murojaat qilgan. Uni bo‘limi boshlig‘i Paridaxon Abdurahmonova kutib olib, kamqonlik belgilari yaqqol ko‘rinib turgan bemorni reanimasiya bo‘limiga yotqizish o‘rniga, uni birlashmaning yuqumli kasalliklar bo‘limiga jo‘natadi.
Ushbu bo‘limda esa navbatchi shifokor va bo‘lim boshlig‘i biror bir tekshiruvsiz, ayolga ginekologiya bo‘limiga borishni aytib, «ish vaqtim tugadi» deb uyiga ketgan.
Oqibatida soat 09:00da qorindagi qattiq og‘riq va kamqonlikning og‘ir darajasi alomatlari bilan kasalxonaga murojaat qilgan bemor, qon ketishi oqibatida soat 16:30 da vafot etgan.
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tuman sudi 5 iyunda bo‘lib o‘tgan sud majlisida tibbiyot xodimlariga 3 yil davomida tibbiyot sohasidagi davlat tashkilotlarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan.