Qozog‘istonga O‘zbekiston orqali 922 mln kub metr suv yetkazib beriladi

Qozog‘istonga O‘zbekiston orqali 922 mln kub metr suv yetkazib beriladi

Qozog‘iston 2024 yilgi sug‘orish mavsumida O‘zbekistondan Do‘stlik kanali orqali 922 million kub metr suv oladi. Bu haqda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston vakillari ishtirok etgan davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining 86-yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Turkiston viloyatidagi Shardara suv omborida 4,8 milliard kub metr suv to‘plangan. Qozog‘iston janubidagi dalalarni sug‘orishda foydalaniladigan To‘qtagul suv omborida (Qirg‘iziston) 8 milliard kub metr suv yig‘ildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Norin—Sirdaryo suv omborlari kaskadi ishining 2024 yilning 30- sentyabriga qadar prognoz jadvali tasdiqlandi.

Ishtirokchilar yil boshidan buyon Qozog‘iston raislik qilayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi ishlarni ham alohida muhokama qildi. Qozog‘iston barcha tashkiliy ishlarni yakunlagan. Shuningdek, “Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik mexanizmini yaratish to‘g‘risida”gi shartnoma loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.

“Hozirda birinchi galdagi vazifamiz toshqin suvini yig‘ishdir. Biz uni Kaspiy dengizi, Balxash, Qamish-Samar ko‘llariga, Ulitov viloyatidan Qizilo‘rda viloyati ko‘llariga va boshqalarga jo‘natamiz. Shu bilan birga janubiy viloyatlarni suv bilan ta’minlash ham muhimdir. Bu borada esa suv diplomatiyasi muhim ahamiyatga ega”, — degan Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigasiya vaziri Nurjon Nurjigitov.

Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi navbatdagi yig‘ilishi 2024 yilning sentyabrida Turkmanistonda bo‘lib o‘tadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!