Qozog‘istonda 200 ga yaqin ot ochlikdan nobud bo‘ldi. Fermerlar favqulodda holat e’lon qilishni so‘ramoqda

Qozog‘istonda 200 ga yaqin ot ochlikdan nobud bo‘ldi. Fermerlar favqulodda holat e’lon qilishni so‘ramoqda

Qozog‘istonning Oqmo‘la viloyatida fermerlar otlarning ommaviy nobud bo‘lgani sababli favqulodda holat e’lon qilishni so‘ramoqda. Hayvonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yaylovlarda ochlikdan o‘lmoqda. Bu haqda KTK xabar berdi.

“Sizdan yordam so‘raymiz. Viloyatda favqulodda holat e’lon qilib, bu yerga texnika jo‘natish mumkin emasmi? Pul so‘ramayapmiz. Bu yil qish juda qattiq keldi. Chorva nafaqat menda, balki qo‘shni qishloqlarda ham nobud bo‘lmoqda”, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari Kayrat Begalin.

Fermerlarning aytishicha, otlar yozdan buyon holdan toyishni boshlagan. Issiqlik tufayli yaylovlardagi maysalar yonib ketgan. Anomal qish esa oziq-ovqat tanqisligi muammosini og‘irlashtirgan. Hayvonlarning qor ostidan o‘t olishga holi yo‘q. Ular dashtda nobud bo‘lmoqda.

Cho‘ponlar podani qishloqlarga qaytara olmaydi: yo‘llar qor bilan qoplangan. Veterinariya shifokorlarining ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda allaqachon 200 ga yaqin ot ochlikdan nobud bo‘lgan. Mutaxassislar o‘limga ochlik sabab bo‘lganiga shubha qilmaydi.

“O‘lim to‘yib ovqatlanmaslikdan kelib chiqadi. Biz haqiqatan ham o‘lik hayvonlarni yorib ko‘rdik, oshqozonida, afsuski, hech narsa yo‘q edi”, — deydi Oqmo‘la viloyati veterinariya boshqarmasi boshlig‘i Talgat Junusov.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!