Qozog‘iston BRIKSga a’zo bo‘lishdan bosh tortdi
Rossiya Qozog‘iston bilan munosabatlarni qadrlaydi, ammo BRIKS BMTning o‘rnini bosmaydi, dedi prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Uning so‘zlarini RBK keltiradi.
Avvalroq Qozog‘iston prezidenti matbuot kotibi Berik Uali mamlakat rasmiylari BRIKSga takliflar olayotganini ma’lum qilgandi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Ostona assosiasiyaga a’zo bo‘lish uchun ariza berishdan bosh tortadi, chunki u BMTga «barcha dolzarb xalqaro muammolar muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan va muhokama qilinishi kerak bo‘lgan universal va bahssiz tashkilot sifatida» ustuvor ahamiyat beradi.
Peskov Kreml bu pozisiyani hurmat qilishini aytdi: «Qozog‘iston bizning do‘stimiz, strategik hamkorimiz, ittifoqdoshimiz. Biz munosabatlarimizni qadrlaymiz. Bu birinchi. Shuning uchun, albatta, Qozog‘istonning o‘zi muayyan tashkilotlarda ishtirok etish formati to‘g‘risida qaror qabul qiladi».
Shu bilan birga, Rossiya prezidentining matbuot kotibi BRIKS «BMT o‘rnini bosmoqchi bo‘lgan birlashma emas», aksincha, to‘ldiradi va jahon tashkilotining «universal xarakteriga hech qanday zid» emasligini ta’kidladi. . «Biz Qozog‘iston prezidentining BRIKS+ formatida ishtirok etish uchun Qozonga kelishini intiqlik bilan kutmoqdamiz. Har holda, Qozog‘iston prezidentining ishtiroki mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa bo‘ladi», — deya xulosa qildi Peskov.