Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘limida namozxona ochildi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida ochilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bo‘limining yangi binosida namoz o‘quvchi xodimlar uchun alohida namozxona tashkil etildi.
AKIpress nashrining xabar qilishicha, ochilish marosimida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev xodimlarini bugunning o‘zi bilan yoki bitta operasiya uchun emas, balki mamlakat kelajagi uchun ishlashga chaqirdi.
«O‘z manfaatlaringizni birinchi o‘ringa chiqarib, davlat manfaatlarini chetga surib qo‘ysangiz, har qanday holatda ham barchasi oydinlashadi. Orangizda 2-3 ta shunday xodimlar bor. Yarim yil oldin men «6-bo‘lim» bilan ishlaganimda, sizning harakatlaringiz bo‘yicha tergov o‘tkazishni buyurdim. Tez orada bularning barchasi ma’lum bo‘ladi. Men hech narsani sezmayapti, deb o‘ylamang. Men hamma narsani bilaman. Agar sizlardan birortangiz mening ko‘rsatmalarim bo‘yicha ishlab yurib, pora olishga urinsangiz, javobgarlikka tortilasiz va hibsga olinasiz. Keyinroq bo‘lsa ham qonunga xilof xatti-harakatlardan xabardor bo‘laman va siz jazolanasiz», — dedi Tashiyev.
MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev bo‘limning yangi binosida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, dam olish xonalari, oshxona hamda namozxonalarni ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, Tashiyev xavfsizlik xodimlariga bir-birini tartibga, qonuniylikka chaqirib, yaxshilanishga yordam berishi, agar hamkasbi tuzalmasa, qonun doirasida jazolanishini va xizmatni tark etishini maslahat berdi.
«Qiyin kunlarni boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz, rahbarlaringizga murojaat qiling. Mening eshiklarim siz uchun doim ochiq – farrosh ayoldan tortib, o‘rinbosarlarimgacha. Rahbaringizga xabar bering va muammolaringiz bilan mening oldimga keling. Men sizga yordam berishga harakat qilaman. Nima bo‘lgan taqdirda ham, qonunni buzmanglar», — dedi u xodimlarga.