Qidiruvdagi ota va qizchasi topildi

Qidiruvdagi ota va qizchasi topildi

Oila muqaddas dargoh. Oiladagi totuvlik va ahillik kishining hayotga muhabbat, kasbga sadoqat, atrofdagi insonlarga nisbatan hurmat va e’tibor singari yuksak insoniy fazilatlarni ham shakllantiradi.

Afsuski, so‘ngi vaqtlarda arzimagan oilaviy kelishmovchiliklar sabab oilalar parokandalikka yuz tutib, ajrimlar soni ortmoqda.

Misol uchun, Byuroning G‘ijduvon tuman bo‘limi ish yurituvidagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumanlararo sudining 25.02.2022 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor E.Nematovdan undiruvchi S.Xayridinova foydasiga 1 nafar voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun qarzdorning ish haqi va boshqa daromadining 1/4 qism miqdorida aliment undirish belgilangan bo‘lsada, qarzdor ota turli baholarni ro‘kaj qilib, aliment to‘lovlarini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan.

Qarzdor otaning aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lamaganligi yetmaganday, 2017 yilda tug‘ilgan qizchasini olib, noma’lum tomonga ketib qolgan.

Nochor qolgan ona farzandini o‘z tarbiyasiga olish haqida sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Sud holatni o‘rganib chiqib, voyaga yetmagan qizcha onasining parvarishiga muhtojligini inobatga olib, da’voni qanoatlantirgan.

Mazkur sudning 18.08.2022 yildagi ijro varaqasiga asosan otasi tarbiyasida bo‘lgan qizchani onasi tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati talablarini bajarishdan bo‘yin tovlab, 2017 yilda tug‘ilgan qizchasini olib, Byuro organlaridan yashiringanligi sababli davlat ijrochisining 17.10.2022 yildagi qaroriga asosan qarzdor va bolaga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.

Byuroning qidiruv xodimi J.Boboqulov tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qidiruvdagi qarzdor ota Navoiy shahridagi somsaxonalarning birida ishlab kelayotganligi tezkor yo‘llar bilan aniqlanib, joriy yilning 15 noyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qidiruvdagi qarzdor ota ushlangan.

Qarzdor ota qizchasi haqida hech nima bilmasligini bildirgan bo‘lsada, qidiruv xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida qidiruvdagi qizcha Navoiy shahridagi xususiy bog‘chada ekanligi aniqlangan hamda tegishli organlar vakillari va xolislar ishtirokida sog‘-salomat onasi tarbiyasiga olib berilgan.

Qarzdor otaning aliment to‘lovlaridan bo‘lgan qarzdorligi qayta hisob-kitob qilinganda, 2022 yil 01 noyabr holatida 10,6 mln. so‘mni tashkil qilganligi va aliment to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi sababli unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudiga yuborilgan.
Mazkur sud tomonidan qarzdorga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish hujjatlari ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 474-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!