Qaynopasining mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlarga hukm o‘qildi

Qaynopasining mol-mulkini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlarga hukm o‘qildi

Bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayoti, sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, unga egalik qilish har qaysi zamon va makonda eng yomon illat sifatida qoralangan. Birovning mulkiga ko‘z olaytirish, unga yashirincha ega chiqishga urinish - razillikdan boshqa narsa emas. Mehnat bilan erishib, tanovul qilgan bir burda nonning mazasi, o‘g‘rilik qilib yegan dunyodagi eng tansiq taomlardan yaxshiroqdir. Quyida sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqeamiz qahramoni bosqinchilik qilish niyati bo‘lmaganligini, ketib qolgan xotini va farzandini olib ketish maqsadida qaynopasining uyiga kelganligini ro‘kach qildi. Ammo yolg‘onning umri qisqa, uning o‘zini oqlash uchun o‘ylab topgan bu vaji, o‘z tasdig‘ini topmadi...

Pul va taqinchoqlarni qo‘lga kiritishadi

Esonov Ramazon (ism-shariflar o‘zgaritirilgan) jinoiy sherigi Akromov Sardor bilan til biriktirib, o‘zining Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi qaynopasi Hasanova Sobiraning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, bosqinchilik yo‘li bilan uning mol-mulkini qo‘lga kiritishni rejalashtiradi. Ular jinoyatni amalga oshirish maqsadida yuzlariga qora rangli tibbiy niqob taqib, barmoq izlarini qoldirmaslik maqsadida qo‘lqop kiyishadi. Jabrlanuvchining qarshiligini yengish uchun temir bo‘lagi, sintetik arqon va skotch lentasi o‘rami bilan qurollanishadi. O‘sha kuni opasining uyiga kelgan Mansurova Parizoda uyga kirayotgan vaqtda uning ortidan hujum qilgan holda uyga bostirib kirishadi. Uning qo‘llarini sintetik arqon va skotch bilan bog‘lashadi. Keyin yotoqxonada turgan javon eshigini buzib, u yerdan Hasanova Sobiraga tegishli bo‘lgan 85.001.227 so‘mga teng miqdordagi pul mablag‘lari, valyuta qimmatliklari, mol-mulki va shaxsiy hujjatlarini olib, voqea joyidan yashirinishadi.

“Hammasini qaytarmoqchi edim...”

Sudlanuvchi Esonov Ramazon sud majlisida, aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi:

- Akramov Sardor oilaviy tanishim bo‘lib, uni to‘rt-besh yildan beri taniyman. Hasanova Sobira qaynopam, Mansurova Parizoda qaynsinglim bo‘ladi. Qaynopam Hasanova Sobira Turkiyadan qaytganidan keyin turmush o‘rtog‘im Esonova Manzura hech bir sababsiz, janjalsiz voyaga yetmagan o‘g‘limni olgancha uydan ketib qoldi.Men uni qidirishni boshladim. Keyinchalik qaynopam o‘g‘lim bilan xotinimni Turkiyaga olib ketmoqchi bo‘layotganini eshitdim. 2020 yilning 5 yanvar kuni Qashqadaryodan chorva mollarini ortib, Toshkentga keldim. Ularni sotib, yana turmush o‘rtog‘imni qidira boshladim.Ammo uni topolmadim, xotinimning ammasi menga qaynopamning uy manzilini berdi. Toshkentda yurganimda tanishim Akromov Sardorni uchratib qoldim. Suhbat davomida uning ham xotini Turkiyaga ketib qolganini bildim. Men ham unga vaziyatimni tushuntirdim. Biz birgalikda qaynopamning uyiga bordik. Qaynsinglim Mansurova Parizoda eshikni ochayotganda uning oldiga bordik, ammo u bizni ko‘rib, baqir-chair qildi. O‘rtada janjal ko‘tarildi. Shundan keyin uni ichkariga olib kirib, jahl ustida qo‘llarini bog‘ladim. Akramov Sardor ham ortimdan kirdi. U yerda xotinim bilan o‘g‘lim yo‘qligini ko‘rib, uydan chiqib ketdik. Biroz vaqt o‘tgach, Sardor menga qo‘ng‘iroq qilib, oldiga chaqirdi. Borsam, u qaynopamning tilla taqinchoqlari va pullarini olganligini aytdi. Men undan hammasini - pullar va qimmatbaho buyumlarni olib, xotinimga qaytarmoqchi bo‘ldim, ammo xotinim qo‘ng‘iroqlarimga javob bermadi. Hozirda qilmishimdan juda pushaymonman, jazo tayinlashda yengillik berishingizni so‘rayman.

Hukm o‘qildi

Sudlanuvchilar Esonov Ramazon JK 164-moddasi 3-qismining “b,v” bandlari va 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topildi va 7 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Akromov Sardorga esa JK 164-moddasi 3-qismining “b,v” bandlari va 227-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor, deb topilib,10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Farrux To‘raxo‘jayev, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi,
Lola Shoimova jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!