Putinning harakatlari fitnes ilovasi yordamida kuzatilgan
Jo Baydendan tortib Vladimir Putingacha bo‘lgan jahon yetakchilarining harakatlarini ularning tansoqchilari ishlatadigan fitnes ilovasi orqali onlayn kuzatish mumkin, deb topdi Le Monde.
Fransiya gazetasining surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, Rossiya, Fransiya va AQSh prezidentlari xavfsizlik xizmatlarining ba’zi agentlari Strava fitnes ilovasidan foydalanmoqda. Uning 125 million foydalanuvchisi bor, u asosan yuguruvchilar va velosipedchilar tomonidan o‘z mashg‘ulotlarini yozib olish va hamjamiyat bilan ma’lumot almashish uchun ishlatiladi.
Le Monde jurnalistlari Putinning xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan va Stravada ommaviy akkauntlarga ega bo‘lgan Federal qo‘riqlash xizmatining oltita xodimini aniqladi. Ularning harakatini, shu jumladan, kasbiy sayohatlar paytida onlayn kuzatish mumkin bo‘lgan.
Bunday shaxsiy qo‘riqchilar Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning qo‘riqlash xizmati (12 kishi) va AQSh Maxfiy xizmatida (26 kishi) yanada ko‘proq.
Jismoniy soqchilar foydalanadigan texnika ular qo‘riqlayotgan odamlarni kuzatish imkonini berayotgani birinchi marta emas. «The Wall Street Journal»ning sobiq muxbiri Bayron Tau «Nazorat vositalari: texnologiyalar va hokimiyatning yashirin ittifoqi yangi Amerika polisiya davlatini qanday yaratmoqda» kitobida ta’kidlaganidek, Amerika maxsus xizmatlari Putinning harakatlarini kuzatishni o‘rgangan.
Ular Pentagon pudratchisi tomonidan 600 000 dollarga ishlab chiqilgan va maqsadli reklama orqali smartfon egalarining joylashuvini kuzatish imkonini beruvchi dasturdan foydalangan. Putin smartfondan foydalanmagani sababli, amerikaliklar prezident bilan birga harakatlanayotgan uning atrofidagi odamlarning telefonlarini kuzatib borishgan.