PNEVMONIYa AVLODDAN-AVLODGA O‘TISHI MUMKINMI?

PNEVMONIYa AVLODDAN-AVLODGA O‘TISHI MUMKINMI?

Bronxial astma, angina va pnevmoniya xastaliklari borasidagi savollarimizga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Nodir SOTIBOLDIYEV javob beradi:

— Agar bu kasalliklarga qarshi vaqtida davo choralari qo‘llanilmasa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

— Bronxial astma, angina yoki pnevmoniya to‘g‘ri davolanmasa, og‘ir nafas yetishmovchiligi kasalliklari yoki sepsis holatlari, hatto ayrim vaziyatlarda o‘lim holatlari ham kuzatilishi mumkin.

Masalan, angina og‘riganda o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmasligi bo‘g‘im va yurak kasalliklariga sabab bo‘ladi. Bunga qarshi birinchi profilaktik chora — aholi orasida niqob taqib yurishdir. Virusli “atipik” pnevmoniyalarni kamaytirish uchun esa vaksinasiya eng maqbul choradir.

— Ushbu kasalliklar avloddan avlodga o‘tishi mumkinmi?

— Barcha pulmonologik kasalliklar ham nasldan naslga o‘tmaydi. Nasl suradigan kasalliklar guruhiga mukovicsidoz, bronxial astma va boshqa allergik kasalliklar kiradi.

Jumladan, oilada ota yoki ona bronxial astma bilan kasallangan bo‘lsa, bolaning xastalikka chalinish ehtimoli 20-30 foizni, agar har ikkisi (ota va ona) kasallangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 75 foizni tashkil etishi mumkin. Ushbu holat onaning homiladorlik davrida kechsa, xavf yanada ortishi taxmin qilinadi.

Respirator infeksion kasalliklar nasldan naslga o‘tmaydi. Ular kelib chiqishiga ko‘ra, organizm immun tizimi sustligi, mikroorganizmlar miqdori va ularning virulentligi (mikroorganizmlarning kasallik qo‘zg‘atishi) yuqori bo‘lishiga bog‘liq.

Hozirgi paytda nafas a’zolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi va pnevmoniya tashkil kiladi. Dunyo bo‘yicha bronxial astma aholi orasida o‘rtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu ko‘rsatkich bolalar o‘rtasida yanada yuqori — o‘rtacha 10 foiz.

Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi esa dunyo bo‘yicha kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib bormoqda.

Infeksion kasalliklar orasida o‘lim sabablari ko‘rsatkichi bo‘yicha pnevmoniya birinchi o‘rinni va umumiy o‘lim ko‘rsatkichi sabablari bo‘yicha oltinchi o‘rinni egallaydi.

Pandemiya shuni ko‘rsatmoqdaki, nafas organlari kasallikka moyil kishilar o‘z sog‘liqlariga jiddiy e’tibor qaratishlari shart.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!