Oltin qo‘shilgan taomni yeyish mumkinmi?

Oltin qo‘shilgan taomni yeyish mumkinmi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fuqarolar oltin qo‘shilgan taomlarni qimmat narxlarda harid qilib, uni iste’mol qilinayotgani tasvirlangan videolar keng tarqab, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi Islom dinida oltin qo‘shilgan taomlarni yeyish mumkinmi, degan savolga javob berdi.

Musulmonlar idorasining bildirishicha, savdo masalasidagi oldi-berdi uchun mo‘ljallangan hamda turli taqinchoqlar va ayollar o‘ziga zeb berishda foydalanadigan buyumni ozuqaviylashtirish shar’iy va insoniy urfga zid hisoblanadi. Chunki biror bir millat, din yoki jamiyat oltin va kumushni taom sifatida qabul qilmagan.

“Oltinni o‘zini yeyish yoki uni biror taomga qo‘shib tanovul qilish dinimizda durust emas. Birinchidan, aslida oltin va kumush naqd pul hamda ayollarga ziynat qilib yaratilgan. Uni yeydigan narsaga aylantirish joiz emas”, deyiladi Fatvo markazi xabarida.

Qur’oni Karimning “Baqara surasi”da ham “Biz aytdik: Ey Odam, sen va jufting (Havvo) jannatda yashangiz va xohlagan joylaringizda undan (ne’matlaridan) bemalol tanovul qilingiz. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangiz, (aks holda) zolimlardan bo‘lib qolursiz”, deyilgan. Ulamolarning ta’kidlashicha, ushbu oyatda yemaslik kerak bo‘lgan narsani yeyish zulm, deb e’tiborga olinmoqda. Demak, tilla yoki kumushni yeyish ham zulm hisoblanadi.

“Ikkinchidan, oltin va kumushdan yasalgan idishlarda taomlanish va ichish ham joiz emas. Payg‘amg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deganlar: Oltin va kumush idishlarda (taom va suv) ichmanglar...(Muttafaqun alayh). Bu qaytariqning sababi oltin va kumush idishlarda yeb-ichish kibr hamda faxrga olib boradi va faqir insonlarning ko‘nglini sindiradi. Ushbu salbiy sifatlar oltinni idish sifatida ishlatgandan ko‘ra oltinni iste’mol qilishda ko‘proq topiladi”, deyiladi Fatvo markazi xabarida.

Shuningdek, ulamolar ayrim tabiblar shifo maqsadida kam miqdorda oltin iste’mol qilishni tavsiya qilayotgani, bu zaruratda boshqa dori qolmagani uchun “harom bilan davolanish” bobidan bo‘lib, alohida mavzu hisoblanishini qayd etgan. Lekin odatdagi holatda tilla va kumushni taomga qo‘shib yeyish halol emasligi alohida ta’kidlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!