NYT: AQSh Rossiyaga qarshi bir qator kiberhujumlar tayyorlamoqda

NYT: AQSh Rossiyaga qarshi bir qator kiberhujumlar tayyorlamoqda

Qo‘shma Shtatlar 2020 yil oxirida AQSh hukumat muassasalariga uyushtirilgan keng ko‘lamli xakerlik hujumiga javoban Rossiyaga qarshi keying uch hafta ichida bir nechta kiberhujumlarni boshlaydi. Bu haqda hujum rejasidan xabardor rasmiylarga tayanib, The New York Times (NYT) xabar berdi.

Kiberhujumlar iqtisodiy sanksiyalar bilan birgalikda amalga oshiriladi. NYT suhbatdoshlarining fikriga ko‘ra, bu Oq uy ilgari bir necha bor ta’kidlagandek, Prezident Jo Bayden ma’muriyatining federal tarmoqlar buzilishiga qarshi javobi bo‘ladi. Gazetaning yozishicha, xakerlik hujumlari butun dunyo uchun maxfiy va ko‘rinmas, ammo «Rossiya razvedkasi, Qurolli kuchlari va prezident Vladimir Putin uchun ochiq-oydin bo‘ladi».

Bundan tashqari, Vashington Xitoyga qarshi qasos kiberhujumlari uyushtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. 2 mart kuni Microsoft kompaniyasi Hafnium deb nomlangan xitoylik xakerlar guruhi hujumi haqida xabar bergan. Xakerlarning maqsadi yuqumli kasalliklar tadqiqotchilari, yuridik firmalar, universitetlar, nodavlat tashkilotlar, tahlil markazlari va boshqa bir qator tashkilotlardan ma’lumot olish bo‘lgan. Microsoft ushbu guruhni Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlaydi deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil oxirida kiberjinoyatchilar SolarWinds IT platformasidan foydalanib, Amerikaning bir qator idoralari, shu jumladan, Moliya vazirligi va AQSh Savdo vazirligining Milliy telekommunikasiya va axborot ma’muriyati tizimlarini buzib kirgan edi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakat hukumat idoralariga qilingan xakerlik hujumiga rossiyalik xakerlar aloqador deb da’vo qilgan. Prezident Jo Baydenning so‘zlariga ko‘ra, kiberhujum puxta rejalashtirilgan va natijada hujumchilar Amerika biznesiga oid muhim ma’lumotlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, u voqeani shunday qoldirmasligini qo‘shimcha qilgan. Reuters xabariga ko‘ra, hujumga javob sifatida moliyaviy jazo va javob kiberhujumlari ehtimoliy chora sifatida ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, Microsoft rahbari mazkur kiberhujumga Rossiyaning aloqadorligi bo‘yicha dalillar borligini ma’lum qilgan. FireEye kiberxavfsizlik kompaniyasi rahbari Kevin Mandia esa hujumda xakerlar qo‘llagan vositalar Rossiya foydalanadigan qurilmalarga o‘xshashligini ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!