Niderlandiya Rossiya harbiy razvedkasi josusini fosh etganini e’lon qildi​​​​​​​

Niderlandiya Rossiya harbiy razvedkasi josusini fosh etganini e’lon qildi​​​​​​​

Niderlandiya umumiy razvedka va xavfsizlik xizmati Rossiya bosh razvedka boshqarmasi agentini qo‘lga olganini e’lon qildi. U Gaagadagi xalqaro jinoiy sudda ishlamoqchi bo‘lgan.

Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, josusning ismi Sergey Vladimirovich Cherkasov, u Viktor Myuller Ferreyra nomiga olingan Braziliya hujjatlaridan foydalangan. Press-relizda qayd etilishicha, bu kabi josuslar uzoq yillik tayyorgarlikdan o‘tadi va ularni fosh qilish juda qiyin. Rossiyaning noqonuniy agentlari o‘zlarini boshqa davlat fuqarolari sifatida ko‘rsatadi. Bundan ko‘zlangan maqsad rossiyaliklar olishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlarni qo‘lga kiritishdan iborat.

Shu bilan birga ushbu amaliyot qanday o‘tkazilgani ma’lum qilinmagan. RFning rasmiy organlari hozircha bu holatga hech qanday izoh bermadi.

Braziliya federal polisiyasi press-reliziga ko‘ra, rossiyalik 2010 yilda Rio-de-Janeyroga kelgan hamda soxta hujjatlar bilan o‘zini braziliyalik deb tanishtirgan. U yangi ism bilan bir necha yil Irlandiya va aqshda yashagan, shundan keyin Braziliyaga qaytgan. Gumonlanuvchi Niderlandiyaga ketish va xalqaro sudga ishga joylashishga tayyorgarlik ko‘rgan. Sudda u dastlabki surishtiruvlar bo‘limida kichik tahlilchi xodim sifatida ishlashni mo‘ljallangan.

2022 yil aprelida Cherkasovning Niderlandiyaga kirishi taqiqlanadi va u Braziliyaga qaytib keladi. Bu yerda u soxta hujjatlardan foydalanganlik uchun sudga tortiladi.

“Bu bosh razvedka boshqarmasining uzoq muddatli operasiyasi bo‘lib, unga ko‘p vaqt, energiya va pul sarflangan”, – degan Niderlandiya umumiy razvedka va xavfsizlik xizmati rahbari Erik Akerbom.

Niderlandiyaliklarning fikricha, Cherkasov xalqaro jinoiy sudning Ukraina va Gruziya bo‘yicha hujjatlarini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Maxsus xizmatlar bu ma’lumotlar rus razvedkasi uchun alohida qimmatga ega bo‘lishi mumkinligi ta’kidlagan.

Press-relizda «Viktor Myuller Ferreyra» o‘zining to‘qima oilasi haqida gapirib bergani to‘g‘risidagi hujjat ilova qilingan. Niderlandiya razvedkasi bu hujjatning murakkab tuzilganiga e’tibor qaratgan.

Bellingcat surishtiruv guruhi a’zosi Arik Toler ehtimoliy josusning Facebook sahifasi, rezyume va blogi skrinshot tasvirlarini e’lon qilgan. Undagi ma’lumotlarga asosan, u Dublindagi Triniti-kollej (Irlandiyaning eng qadimiy ta’lim muassasasi) va Amerikaning Jon Xopkins universiteti yuqori xalqaro tadqiqotlar maktabida o‘qigan.

Bellingcat ma’lumotlariga ko‘ra, Sergey Cherkasov asli kaliningradlik. «Ostorojno, Novosti» Telegram-kanali uning Boltiq baliq sanoati floti davlat akademiyasida tahsil olgan paytida tushgan suratini e’lon qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!