Netanyaxuning idorasi mamlakat armiyasidagi ofiserning «nozik va shaxsiy suratlarini» saqlashda ayblangan
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning idorasi mamlakat armiyasidagi ofiserning «nozik va shaxsiy suratlarini» saqlashda ayblangan.
Isroil davlat televideniyasi KAN xabariga ko‘ra, ikki oy oldin Isroil Bosh shtabiga Bosh vazirlik idorasida armiya zobitining «nozik va shaxsiy suratlari» borligi haqida shikoyat qilingan.
Aytilishicha, ofiser ilgari idorada ishlagan va shikoyat tasvir ma’lumotlari «yomon niyatlar bilan» saqlanmoqda degan xavotir tufayli berilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, bu voqea Netanyaxu idorasi, Isroil armiyasi va xavfsizlik xizmati o‘rtasidagi «qattiq munosabatlar»ning yana bir dalili bo‘ldi.
12-kanal xabarida, shuningdek, kuzatuv kameralaridan olingan «nozik tasvirlar»ning sizib chiqishiga idoraning «ikki martabali amaldori» aloqadorligi yuzasidan tergov olib borilayotgani aytilgan.
Voqea tafsilotlari noma’lumligicha qolmoqda, biroq tergovga ommaviy axborot vositalarida yoritish taqiqlangan.
Ofis unga qarshi kampaniya e’lon qildi
Avvalroq Isroil polisiyasi G‘azo sektoriga 2023 yil 7-oktabrda boshlangan hujumlarning birinchi kunlaridagi voqealar yuzasidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan edi. Bosh vazir Benyamin Netanyaxu idorasi, o‘z navbatida, buni o‘ziga qarshi qaratilgan kampaniya deb atadi.
Bayonotda Isroil polisiyasining korrupsiyaga qarshi bo‘linmasi tomonidan so‘nggi olti oy davomida olib borilgan korrupsiya tergoviga ishora qilib, «urushning o‘rtasida idoraga qarshi misli ko‘rilmagan kampaniya olib borilayotgani» ta’kidlangan.
Avvalroq Isroilni Bosh vazir idorasidan maxfiy hujjatlarning sizib chiqishi bilan bog‘liq janjal larzaga solgan edi.
Tergov doirasida besh nafar gumondor qo‘lga olindi, ular orasida Netanyaxu yordamchisi Eliyezer Feldshteyn ham bor.
Xamasga tegishli bo‘lgan qalbaki hujjatlar idora tomonidan jamoatchilik fikrini manipulyasiya qilish maqsadida xorijiy OAVga uzatilgani ma’lum qilingan.
Isroil matbuoti bu voqea «Isroil xavfsizlik xizmatlarida jiddiy xavotir va g‘azabga sabab bo‘lgan» va Bosh vazir Benyamin Netanyaxu, uning atrofidagilar va harbiylar o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirishi mumkinligini ta’kidladi.