Navoiy IESda nosozlik yuzaga keldi. Ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin

Navoiy IESda nosozlik yuzaga keldi. Ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin

Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 7 iyul kuni soat 05:48da Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan.

Hozirda mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun «Navoiy-4» gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz ta’minoti to‘xtatilmoqda.

Mazkur ishlarni to‘liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi.

Shu sababli respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6-8 iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste’moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, respublikamiz suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda. Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!