NATO ilk bor Afg‘onistonda tinch aholi vakillari “tinchlikparvar” kuchlar tomonidan qatl qilinganini tan oldi

NATO ilk bor Afg‘onistonda tinch aholi vakillari “tinchlikparvar” kuchlar tomonidan qatl qilinganini tan oldi

Oydagi dog‘lar

2020 yilning noyabrida, AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga kirganidan salkam 20 yil o‘tib, oddiy afg‘onlarning sudsiz qatl qilish holatlari ro‘y berganini tan oldi. Ma’lum bo‘lishicha, NATO kuchlari bilan hamkorlikdagi operasiya paytida avstraliyalik  harbiylar tomonidan bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ular tomonidan hatto voyaga yetmagan bolalar ham o‘ta shafqatsiz usulda o‘ldirilgani o‘z tasdig‘ini topgan.

“Maxsus xizmat”ning maxfiy kirdikorlari

“Lenta.ru”ning ma’lum qilishicha, bu shov-shuv Avstraliya qurolli kuchlari general-mayori Pol Brereton boshchiligida tayyorlangan hisobot e’lon qilinganidan so‘ng dunyo afkori ommasi e’tiborini tortdi. Hujjat mamlakat maxsus tayinlovdagi harbiylari tomonidan sodir qilingan 39 qotillik haqida so‘z boradi. Ma’lum bo‘lishicha, qurbonlarning birortasi terrorchi emas, balki shunchaki radikal guruhlarga a’zolikda gumon qilingan tinch aholi vakillari bo‘lishgan. Eng asosiysi ularning hech biri harbiylar uchun xavf tug‘dirmagan, birortasining quroli ham, qurolli guruhlarga aloqasi ham o‘lmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Avstraliya qurolli kuchlari afg‘on tuprog‘iga kirganidan beri harbiy to‘qnashuvlar natijasida ulardan faqatgina 31 nafari halok bo‘lgan.

Avstraliya maxsus kuchlari — SAS (Special Air Service – Maxsus aviasiya xizmati) Afg‘onistonga ushbu mamlakat “Tolibon” harakati boshqaruvida bo‘lgan 2001 yilda kiritilgan edi. 2006 yilda Avstraliya harbiylari mamlakat markazidagi Uruzgon viloyatiga yuborilgan. Ularga asosan urush paytida vayron qilingan infratuzilma ob’ektlarini tiklash va mahalliy aholini jangarilardan himoyalash topshirilgan edi. 2007 yilga kelib, viloyatda avstraliyalik harbiylar soni 950 kishiga, 2009 yilda esa, 1550 kishiga yetadi. Garchi 2014 yilda AQSh hukumati xalqaro koalisiya kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqishga qaror qilgan bo‘lsa, bu masala hanuzgacha o‘z yechimini topmadi.

2013 yilda avstraliyaliklar o‘z harbiy bazasini Afg‘oniston armiyasiga topshirgan va kontingentning asosiy qismi vataniga qaytgan. Biroq, bugungi kunda ham mamlakatda 200 nafarga yaqin avstraliyalik harbiy qolmoqda.

“Eng sharmandali voqea” General-mayor Pol Brereton o‘zi shaxsan biror marta harbiy harakatlarda ishtirok etmagan. 2016 yilda unga Special Air Service jangchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tahlil qilish topshirilgan. Tekshiruv natijalari uning rahbarligidagi komissiya tomonidan shu yilning 19 noyabr kuni Avstraliya mudofaa mahkamasi saytida e’lon qilingan. Ma’ruza 400 dan ortiq guvohlarning so‘zlariga, 45 mingdan ortiq hujjat va fotosuratlarga asoslangan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, 2009-2016 yillarda avstraliyalik harbiylar 23 holatda harbiy jinoyatlarni sodir etishgan. Ular tomonidan “Tolibon”ga umuman aloqasi bo‘lmagan 39 nafar begunoh afg‘on vafot etgan.

Hujjatga ko‘ra, jinoyatlar asosan “maxsus xizmat”ning eng namunali jangchilari tomonidan sodir qilingan. Ularning ayrimlari hozir ham armiyada o‘z xizmatini davom ettirmoqda. Gumondorlar qurbonlarning aksariyatini ularga hujum qilmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani va yo‘q qilinganini iddao etishmoqda.

O‘ldirilgan tinch aholi vakillarining jasadlari ustiga fotofakt uchun omborda noqonuniy saqlangan qurollarni tashlab suratga olishgan.

Komissiya hisobida “Avstraliya Qurolli kuchlari tarixidagi eng sharmandali voqea” sifatida 2012 yilda ular tomonidan 14 yoshli ikki nafar afg‘on bolasining o‘ldirilgani ko‘rsatib o‘tilgan. Ularni “Tolibon”ga aloqadorlikni gumonsirab to‘xtatishgan. Bolalarning yonidan hech qanday qurol yoki taqiqlangan buyumlar topilmagan.

Shunga qaramasdan, harbiylar bolalarni qo‘ydek bo‘g‘izlashgan va jasadlarini qopga solib, yaqin oradagi daryoga uloqtirishgan.

Qonli “an’analar” qurbonlari

Hisobotda aytilishicha, Special Air Service kuchlari orasida o‘ylab topilgan bitta an’ana mavjud edi. Ya’ni bo‘linmaga yangi qo‘shilgan har bir jangchi odam o‘ldirishi lozim edi va buning uchun jangni kutish shart emasdi. Buning uchun harbiylar o‘zlar qo‘riqlayotgan hududdan istalgan afg‘on fuqarosini tutib keltirishar va ular shunchaki avstraliyalik “tinchlikparvar” harbiylarning ko‘ngilxushligi uchun qurbon qilinardi.

“Marosim”dan so‘ng harbiylar qotillikni niqoblash uchun biror bir “hodisa”ni to‘qib chiqarishgan va rasmiylashtirishgan. Ma’ruzada boshqa davlatlardan jalb qilingan qurolli kuchlar vakillari tomonidan ham ana shunday jinoyatlar sodir etilgani qayd etib o‘tilgan. Brereton o‘z hisobotida Avstraliyaning 25 nafar harbiysi ustidan sud jarayoni xolis va haqqoniy o‘tishidan shubhalanishini yashirmagan.

Kutilmagan xudkushliklar

Mazkur ma’lumotlar e’lon qilingan kunlarda, keyingi uch hafta mobaynida Avstraliyada 9 nafar harbiy o‘z joniga qasd qilgan. Bunday holat Avstraliya armiyasi tarixida kuzatilmagan.
Albatta, bu xudkushliklarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Afg‘oniston voqealariga daxldorligi hali o‘z isbotini topmagan. Ammo, ularning loaqal bir qismi Breretonning ma’ruzasi bilan bog‘liqligini hech kim inkor etolmaydi. Chunki bu haqidagi ma’lumotlar noyabr oyining boshlaridayoq matbuotga sizib ulgurgan edi. Qolaversa, o‘z joniga qasd qilganlardan biri brisbenlik Sheyn Xolt bo‘lib, u 2015 yilda harbiy xizmatni Afg‘onistonda o‘tagan edi.

Garchi, hali biror bir jinoyat sud orqali o‘z isbotini topmagan bo‘lsa-da, keyingi paytlarda Avstraliyada xizmat qilgan harbiylarga nisbatan mahalliy matbuotda ayblov xarakteridagi materiallar avj olgani ham ko‘pgina urush faxriylarining o‘z joniga qasd qilishga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Avstraliyalik inson huquqlari tashkilotlari ma’ruzada ko‘tarilgan masalalarni qo‘llab-quvvatlab, aybdorlar kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘z jazosini olishi lozimligini ta’kidlamoqdalar.

E’lon qilingan ma’lumotlar Afg‘oniston afkor ommasini ham befarq qoldirmadi. Ko‘plab afg‘on rasmiylari bu masalada o‘z fikrlarini bildirib, aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni yoqlab chiqishmoqda. Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘aniga yuz bergan hodisa munosabati bilan hamdardlik bildirgan.

Ayni paytda Afg‘onistonda xalqaro kontingent kuchlarining mamlakat hududini tark etishi davom etmoqda. Biroq “Tolibon” harakati hukumat bilan hozirgacha tinchlik bitimini imzolagani yo‘q.

Rustam Jabborov tayyorladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!