Namozni o‘z vaqtidan kechga surish haromdir

Namozni o‘z vaqtidan kechga surish haromdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Namozni o‘z vaqtidan kechga surishga faqat ikki narsagina – uxlab qolish va esdan chiqarish uzr bo‘lishi mumkin. Unda ham uxlab qolgan uyg‘onishi bilan, esidan chiqargan esiga tushishi bilan darhol o‘qib olishi shart qilinadi.

Ammo boshqa dalil va hujjatlar yaxshilab o‘rganiladigan bo‘lsa, yana uzrlar borligi ayon bo‘ladi.

Hayz va nifos ko‘rgan ayollardan o‘sha paytdagi namozlari soqit bo‘ladi. Ular mazkur namozlarning qazosini ham o‘qimaydilar. Shuningdek, asli kofir yoki jinni bo‘lgan odam musulmon bo‘lsa yoki tuzalsa, avvalgi namozlarining qazosini o‘qimaydi. Jinni va hushidan ketgan kishilarning uzrli holati besh mahal namoz vaqtidan ortiq davom etsa, ulardan namoz soqit bo‘ladi. Agar mazkur miqdordan oz bo‘lsa, qazosini o‘qiydilar.

Dushmanning qattiq xavfi qoim bo‘lib turganda ham namozni kechga surishga ruxsat bor. Handaq kuni mushriklar Payg‘ambarimiz alay­hissalomni to‘rt vaqt namozdan mashg‘ul qilganlar.

Shuningdek, tug‘ilayotgan bolaning o‘limidan qo‘rqqan doya va tug‘ayotgan ona ham uzrli hisoblanadilar.

Namozni vaqtida o‘qimagan odam uchun ularning qazosini o‘qishi lozimligini bildiradigan boshqa dalillar ham ko‘p.

Qazo namozni o‘qish lozimligi haqida so‘z yurita borib, alloma Badriddin Ayniy Hanafiy «Hidoya»ga bitgan «Binoya» nomli ko‘p jildli kitoblarining ikkinchi jildi, 582-betida quyidagilarni yozadilar:

«Bu hukm uyqu va unutishga xos emas. Qachon namozni fosiqlik yoki beparvolik bilan tark qilgan bo‘lsa ham unga qazo o‘qish farz bo‘lishiga ummatning ijmo’si sobit bo‘lgan.

Imom Ahmad «Namozni qasddan tark qilgan odam murtad bo‘lgani uchun qazosini o‘qimaydi», deganlar. U kishining fikricha, unday odamni qazo o‘qishga qo‘ymay, qatl qilish kerak.

Qazo namoz xuddi o‘z vaqtida ado etiladigan namoz kabi o‘qiladi. Hazarda qazo qilsa, to‘liq, safarda qazo qilgan bo‘lsa, qasr qilinadi. Qiroatni maxfiy yoki oshkor qilish ham shu namozning o‘z vaqtida ado etilishidagi kabi bo‘ladi. Vitr namozining qazosi ham o‘qiladi.

Olti vaqtgacha namozni qazo qilgan odam qazolarini tartib bilan o‘qiydi. Undan ko‘p bo‘lsa, tartib buziladi va ilojini qilganda o‘qiyveradi.

Kimning qazo namozlari adadini bilmaydigan darajada ko‘p bo‘lsa, o‘zining taxminida g‘olib bo‘lib, qarzim tugadi, degan holga yetguncha o‘qiyveradi.

Hammamiz yaxshi va aniq bilishimiz kerakki, mazkur uzrlardan boshqa hech qanday uzr ila bir vaqt namozni ham qoldirib bo‘lmaydi. Har bir qoldirilgan namoz benamozning bo‘yniga bitmas-tuganmas gunoh bo‘lib yoziladi. Shuning uchun bir vaqt ham namozni qoldirmay o‘qishimiz kerak. Ba’zi bir namoz o‘qimay yurgan yor-birodarlarimiz, oila a’zolarimiz va qarindosh-urug‘larimizga ham buni yaxshilab tushuntirmog‘imiz kerak.

Manba: islom. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!