Migrasiya va sil kasalligi (SK): Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini nazorat qilish va oldini olish

Migrasiya va sil kasalligi (SK): Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini nazorat qilish va oldini olish

Mazkur oyning birinchi o‘n kunligida  O‘zbekiston delegasiyasi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonlik hamkasblari bilan birgalikda Ostona shahrida tashkil etilgan “Migrasiya va sil kasalligi (SK): Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini nazorat qilish va oldini olish” mavzusidagi 4- Yuqori darajali mintaqaviy uchrashuvda ishtirok etdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy SK Markazi va Mehnat vazirligining Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakillari hamda hududiy SK kasalxonalarining bosh shifokorlari mazkur uchrashuvda ishtirok etishdi.  AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda OITS, sil va bezgakka qarshi kurashish Global Jamg‘armasi mintaqaviy uchrashuvni qo‘llab quvvatlamoqda.

Uchrashuv davomida davlat organlari, sil kasalliklari bo‘yicha milliy dasturlar, migrasiya xizmatlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari o‘tgan yilgi chora-tadbirlar rejasi amalga oshirilishining natijalarini ko‘rib chiqishdi hamda ko‘p tomonlama hamkorlikni davom ettirish va mehnat migrantlari o‘rtasida SKni aniqlash va davolashni takomillashtirish borasida o‘z bilimlari va ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ishtirokchilar shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida sil kasalligini tugatish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasini tadbiq etish yo‘nalishidagi keyingi qadamlarni aniqlashdi.

Uchrashuv Markaziy Osiyoda silga qarshi kurashni takomillashtirish, ijtimoiy tamg‘alashga qarshi kurashish, muhojirlar uchun sil kasalligi borasida bilim berishni yaxshilash hamda hukumatlar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvini takomillashtirish bo‘yicha qaror va tavsiyalarni qabul qilish bilan yakunlandi. Uchrashuv rezolyusiyasi mintaqaviy migrasiya masalalari bilan shug‘ullanayotgan barcha hukumatlarga yuborilishiga kelishib olindi.

 Uchrashuvdan so‘ng ishtirokchilar mintaqaviy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish maqsadida kelgusi yil uchun Harakat rejasini va Yo‘l xaritasini ishlab chiqadilar.

Qo‘shma Shtatlar, USAID ning Silga qarshi kurash dasturi orqali, O‘zbekiston hukumati bilan sil kasalligini, ayniqsa, uning ko‘p dori-darmonga turg‘un bo‘lgan ko‘rinishlarini kamaytirish maqsadida ish olib boradi. USAID ning besh yillik 7,6 million AQSh dollari miqdorida byudjetga ega bo‘lgan “Sil kasalligiga qarshi kurashish” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga  laboratoriyalarni modernizasiya qilish, bemorlar uchun sil kasalligini aniqlash va davolanish imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash mutaxassislarini tayyorlash, silga qarshi xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, bemorlar va ularning oilalariga yordam berish orqali “Silga qarshi kurash” Milliy dasturini bajarishga yordam bermoqda.

Manba: gujum.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!