Mask AQShdagi mavjud siyosiy kuchlarga qarshi chiqish uchun yangi siyosiy partiya tuzganini e’lon qildi
"2:1 nisbatda yangi siyosiy partiya tuzilishini istaysiz. Bugun sizga o‘z erkingizni qaytarish uchun Amerika partiyasi tashkil etildi", — deb yozdi amerikalik milliarder o‘zi egalik qiladigan X ijtimoiy tarmog‘ida o‘tkazilgan so‘rovnomadan so‘ng.
Yaqin vaqtlargacha Ilon Mask Donald Trampni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan edi, jumladan, uning saylov kampaniyasi va ikkinchi prezidentlik muddatining boshida ham. Biroq keyinchalik u Tramp ma’muriyatidan uzoqlashdi, o‘zi tashkil etgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbarligidan ketdi. Shuningdek, Mask yangi byudjet loyihasi masalasida Tramp bilan ijtimoiy tarmoqlarda qattiq bahsga kirishgandi.
Ushbu bahs shu haftada yana avj oldi, ammo bu byudjet loyihasining Kongress tomonidan tasdiqlanishiga to‘sqinlik qilmadi, Tramp uni AQSh Mustaqillik kunida imzoladi. Mask Trampning byudjet loyihasini isrofgarchilik va milliy qarzni oshirishi kutilayotganligi uchun tanqid qilib kelmoqda.
"Mamlakatimizni isrofgarchilik va korrupsiya bilan barbod qilayotganlar nuqtai nazaridan biz bir partiyali tizimda yashayapmiz, demokratiyada emas", — deb yozdi biznesmen.
Garchi Qo‘shma Shtatlarda Demokratik va Respublikachilar partiyalari XIX asr o‘rtalaridan beri hokimiyat almashib kelayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda boshqa partiyalar ham mavjud. Mask dactlab demokratlarni qo‘llab-quvvatlagan, ammo so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘ng qarashli insonga aylanib. Shuning uchun uning yangi partiyasi asosan respublikachilarning ovozlariga ega bo‘lishi mumkin.
Hozircha Mask o‘zining keyingi siyosiy strategiyasi haqida ochiq ma’lumot bergani yo‘q. U Qo‘shma Shtatlardan tashqarida, JARda tug‘ilgani sababli prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkin emas.
