Markaziy bank 7 ta bankka nisbatan jarima qo‘lladi
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘lladi.
MBning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning oktyabr oyidagi yig‘ilishlarida (8 marta) 32 ta masala ko‘rildi va ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan lisenziyalarni qayta rasmiylashtirish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqishga doir (8 ta) masalalar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilindi.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi.
Shuningdek, 2 ta to‘lov tashkiloti va 2 ta to‘lov tizimi operatori tomonidan to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablar bajarilmaganligi sabab ogohlantirilgan.
4 ta tijorat bankida esa xavfsizlikni ta’minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ular ham chora va sanksiyalar borasida ogohlantirish oldi.