"Maktablarga pullik qabul konstitusiyaga zid emas"
Facebook tarmog‘idagi "Adliya maslahatchisi" nikli foydalanuvchi talabgir maktablarga qabul shartlari konstitusiyaga muvofiqligi haqida tushuntirish berdi. Bu haqda "minbar.uz" yozmoqda.
Bu foydalanuvchi Adliya vazirligiga aloqasi bor deb ishonilgan «Adliya bilan muloqot» guruhining ma’murlaridan biridir.
Masala tarixi: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-qaroriga muvofiq Toshkentdagi 81 ta maktabda tajriba o‘tkazilmoqda. Unga ko‘ra boshqa mikrohududdagi maktablarning 1-sinfiga hujjat topshirganlar va maktab yoshiga yetmagan bolalar qo‘shimcha kvota asosida qabul qilinishi, buning uchun eng kam ish haqining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda bir martalik yig‘im undirilishi belgilangan edi.
Hujjat e’lon qilingandan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar ushbu yangi tartib konstitusiyaning 41-moddasiga zid ekanini aytgan.
Adliya maslahatchisiga ko‘ra:
- Konstitusiyaning 41-moddasining 2-qismiga ko‘ra bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Vazirlar Mahkamasining qaroridan keyin ham davlat tomonidan ushbu kafolatlanishi kerak bo‘lgan huquqlar har bir fuqaro uchun ta’minlanayapti. Aytaylik fuqaro «A»ga, maktabga borish ehtiyoji yuzaga kelishi bilan, majburiy ta’lim sifatida maktabga borish imkoniyati yaratilib berilayaptimi? Javob: berilyapti. Buning uchun pul unidirilayaptimi? Javob: yo‘q, undirilmayapti.
- 41-moddada keltirilgan kafolat tushunchasi ostida barcha maktablar bepul bo‘lishi yuzasidan bironta talab keltirilmagan yoki har bir fuqaroga xohlagan maktabida ta’lim olish kafolati ham belgilanmagan.
Xohlagan maktabga borish imkoniyati bo‘lsa yaxshi bo‘ladi albatta, lekin huquqiy kafolat sifatida bunday norma yoki majburiyat konstitusiyaning 41-moddasida ko‘zda tutlmagan. Bu eng asosiy ahamiyat berish kerak bo‘lgan jihatdir. - Toshkent shahrida Xalq ta’limi vazirligi keltirgan sabablarga ko‘ra 81 ta maktabda alohida tartib o‘rnatilayapti. Shu bilan birga, shaharning o‘zida boshqa 222 ta maktab mavjud va o‘quvchilarni qabul qilishga tayyor. Bu holatda qanday qilib bepul ta’lim kafolati ta’minlanmagan deyish mumkin? Albatta, bu asossiz ayblov bo‘ladi.
Bundan tashqari, 6 yoshli bolalar uchun Toshkent shahrida 100 foiz qamrov asosida bepul tayyorlash guruhlari faoliyat yuritadi. - Davlat ta’lim tizimini tashkillashtirar ekan, konstitusiyada belgilangan kafolatni ta’minlagan holda, zaruriyat bo‘lganda pulli ta’lim muassasalarini ham tashkil etishi mumkin (bunga hech qanday taqiq yo‘q). Aks holda, 41-moddada belgilangan kafolat davlatning ushbu huquqini cheklagan bo‘lar edi, 41-modda ma’nosidan barcha maktablar bepul bo‘lishi lozim degan xulosaga kelinishi mumkin emas.
- Qarorda ota-onalarning roziligi asosida yig‘im undirilishi ko‘zda tutilgan.
Bunda majburiy yig‘im undirilishi nazarda tutilmagan. Ya’ni, fuqaroning o‘z mikrohududi bo‘yicha konstitusiyada kafolatlanganidek ta’lim olishga 100 foiz huquqi bor va bu huquq umuman cheklanmagan.
Adliya maslahatchisi qonun xujjatlarining konstitusiyaga mos yoki mos emasligini aniqlash faqatgina Konstitusiyaviy sud vakolatiga kirishi, boshqa bironta organ, jumladan Adliya vazirligi ham bunday vakolatga ega emasligini eslatgan.
Mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish uchun Konstitusiyaviy sudga murojaat qilish maqsadga muvofiqligini eslatgan holda, Adliya maslahatchisi
"Hurmatli do‘stlar, bugungi kunda fuqarolarning huquqiy bilimdonligi juda tez sur’atlarda rivojlanib, oshib bormoqda. Biz buni olqishlaymiz. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi hissiyotlarga asoslanib tarqatilayotgan har xil fikrlar asosida xulosa qilishga shoshilmaslikka chaqiramiz" deb xulosa qilgan.
Bungacha xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham mazkur yangi tizim bo‘yicha batafsil tushuntirishlar bergan. Bittasida nufuzli maktablarga bolani joylashtirishning antikorrupsion mexanizmini batafsil izohlagan bo‘lsa, ikkinchisida samarali ishlayotgan direktorlarni qo‘llab-quvvatlash evaziga korrupsiyaga barham berish yo‘llarini aytgan.
