Maktab darsliklari: Sinov yana qancha davom etadi?

O‘tgan yillar davomida darsliklar va ulardagi kamchiliklar jamoatchilik o‘rtasida ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgani rost. Chunki mustaqil davlatga aylanganimizga ham yaqinda 28 yil to‘ladi. Biroq haligacha darsliklar yaratishda bir to‘xtamga kelinmadi, nazarimizda.
Xo‘sh, bugun amaliyotda qo‘llanilayotgan, o‘quvchiga ilmiy saboqlarni beradigan maktab darsliklari talabga javob beradimi? Bu ketishda maktablarda sinov darsliklaridan foydalanish jarayoni qachongacha davom etadi?
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilardan biri darsliklarning tez-tez yangilanayotgani haqida shunday yozadi: «Tarix, adabiyot kabi ijtimoiy yo‘nalishlardagi darsliklar qaytadan yaratildi. To‘g‘ri, shunday bo‘lishi ham kerak edi. Lekin matematika, fizika kabi aniq fanlar bo‘yicha darsliklar o‘nlab yillar davomida sinovdan o‘tgan va mukammallashgandi, bu fanlarni qayta o‘zgartirishga hojat bormidi? Quyi sinflardan biri uchun yaratilgan yangi matematika fani darsligining sinovida qatnashdim. Bu darslikda hech qanday yangilik yo‘q, faqat yuqori sinf darsliklaridan mavzular kiritilib, kitob qaytaga murakkablashgan, chalkashgan, soddalik va izchillik yo‘qolgan edi, xolos. O‘quvchilarim uni o‘zlashtirishga qiynalishdi, aksariyati o‘zlashtira olmadi ham...»
Bunga farzandiga dars tayyorlashda baholi qudrat ko‘maklashadigan ota-onalar bilan suhbatlashish jarayonida yana bir marotaba amin bo‘ldik. Ularning ko‘pchiligi matematika fanidan (4-5-6-sinfda o‘qiydigan) farzandi misol va masalalarning murakkabligi sabab, o‘zlashtirishda qiynalishayotgani va natijada qo‘shimcha fan to‘garaklariga berishga majbur bo‘lishganini aytishdi.
Mavzu yuzasidan savollarimizga javob topish maqsadida Buxoro viloyat xalq ta’limi boshqarmasining darsliklar bilan ishlaydigan bo‘limiga murojaat qildik.
– Umumta’lim maktablarini darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning ikkinchi bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 31 maydagi «Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, umumta’lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilari uchun darsliklar har yili, 2-4-sinflar uchun – ikki yilda bir marta va 5-9-sinflar uchun – to‘rt yilda bir marta yangilanishi belgilangan, – deydi darsliklar bo‘yicha metodist Navro‘z NUROV. – 2-4-sinf o‘quvchilari uchun chet tillari bo‘yicha darsliklarning ish daftarlari esa har yili yangilanadi.
Qayta-qayta yangilanayotgan bu darsliklar ta’lim sifatiga ta’sir qilmaydimi? Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida taqdim etiladigan testlar va ularning javoblaridagi chalkashliklarni keltirib chiqarmaydimi? Har yili darsliklar yangilanyapti deb, Davlat test markazi test savollarini bir boshdan o‘zgartirmasa kerak... Bu kabi sabablar abituriyentning imkoniyatlarini cheklashi ham mumkin.
– Amaldagi dasturda berilgan mavzular o‘quvchilar uchun hayotiy ko‘nikmalardan uzoq, o‘rganilgan mavzular amalda qo‘llanilmaydi, – deydi Jondor tumani 2-IDUMIning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Muharram KAMOLOVA. – Asosiy vaqt nazariy bilimlarni quruq o‘rgatishdan iborat bo‘lib qoladi, chunki nazariy ma’lumotlarning ko‘pchiligi tor doiradagi mutaxassislar uchungina tushunarli usulda berilgan. Ona tili va adabiyot fani o‘quv dasturidagi mavzularni kundalik hayotga yaqinlashtirish barobarida dasturga muomala madaniyati, odob-axloq me’yorlari, milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi o‘zbekona dunyoqarash bilan uyg‘un mavzular kiritilsa, adabiyot darslariga ajratilayotgan soatlar miqdori ko‘paytirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Buning natijasida o‘quvchi mantiqiy fikrlashga, to‘g‘ri va imloviy xatolarsiz yozishga o‘rganadi. Unda tafakkur kamolga yetadi, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi shakllanadi.
5-sinf ona tili darsligi (N.Mahmudov va boshqalar)da mavzular izchillik bilan berilmagan, shuningdek, bir necha murakkab mavzular tavsiya etilgan. Mavzularning ayrimlariga 9-sinfga qadar qayta murojaat qilinmaydi. Jumladan, 5-sinf ona tili o‘quv dasturida sodda va qo‘shma gaplar; ko‘chirma gaplar; ko‘chirma gaplar va ularda tinish belgilarining ishlatilishi mavzulari uchun 2 soat ajratilgan bo‘lib, bunday qisqa vaqt davomida mazkur murakkab mavzularni o‘zlashtirish imkoni mavjud emas. Natijada, o‘quvchilar 6-7-8-sinflarda bayon, insho yozish jarayonlarida ko‘chirma gaplarni qo‘llashda xatoliklarga yo‘l qo‘yishadi. 6-7-8-sinflarda mazkur mavzularga oid nazariy va amaliy bilimlar davomiy berib borilsa, bu kabi xatoliklarning oldi olingan bo‘lar edi.
Amaldagi 6-sinf ona tili darsligida -gan sifatdosh hosil qiluvchi qo‘shimchasi lug‘aviy shakl yasovchi deb ko‘rsatilgan (N.Mahmudov, A.Sobirov, D.Nabiyeva, 57-bet). Uning kesimlik ko‘rsatkichi sifatida zamon shaklini ham ifodalashi esa 5-sinf ona tili darsligida qayd etilgan: O‘qigan bola – sifatdosh. Feruza kitoblarini o‘qigan – sof fe’l. Bunda mazkur qo‘shimchaning zamon, shaxs-son ma’nolarini ifodalab, kesimlik shakli vazifasida ham kelishi tushuntiriladi. Demak, 6-sinf darsligida bu jihatlar yana bir marotaba esga olinishi maqsadga muvofiq.
Darsliklardagi misollar nazoratida xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi qancha-qancha o‘quvchini chalg‘itishi, noto‘g‘ri ma’lumotni miyasiga joylashini tasavvur qilyapsizmi? Agar vaqtida buning oldi olinmasa, o‘quvchilarimiz bilim olishidagi, imtihon topshirishidagi ikkilanishlar davom etaveradi.
Jumladan, 8-sinf ona tili darsligi (H.Ne’matov, M.Abduraimova, R.Sayfullayeva)da eganing ifodalanishi haqidagi nazariy tushunchalarni asoslash maqsadida keltirilgan misolda xatolik mavjud. Ega harakat nomi bilan ifodalanadigan misollar qatorida «Ish ishtaha ochar» maqoli o‘rinsiz keltirilgan (68-bet).
Adabiyot darsliklarida Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rgatishda 5-6-sinflarda murakkablik mavjud. Mavzular o‘zlashtirilishida o‘quvchilarning yosh xususiyatlari inobatga olinmagan. Shunga ko‘ra, 5-sinfda Alisher Navoiyning ruboiy va tuyuqlari o‘rgatilsa, 6-sinfda esa «Hayrat ul-abror» dostonidan ibratli hikoyatlar tavsiya etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
8-sinf adabiyot darsligi (Sultonmurod Olim, S.Ahmedov, R.Qo‘chqorov)da Lutfiy, Alisher Navoiy g‘azallari berilgan, g‘azallar tahlilida uning aruzdagi afoilini o‘quvchi tushunmay turib yodlaydi va tezda unutadi. Mumtoz shoirlarimiz ijodini o‘rganishdan oldin aruz vazni haqida nazariy ma’lumotlar berilishi o‘quvchilarda g‘azal va boshqa mumtoz adabiyot janrlari ohangi va ritmi haqida tasavvur hosil qilishda ko‘maklashishi shubhasiz.
Ba’zi bir ijodkorlarning tarjimai holi keyingi sinf darsliklarida takror kelgan holatlarni ham uchratish mumkin. Aslida esa ijodkor to‘g‘risidagi ma’lumotlar qo‘shimchalar bilan boyitilgani ma’qul...
Boshqa fanlardan dars beradigan o‘qituvchilar bilan suhbatlashganimizda ham har biri o‘z fani yuzasidan turli taklif va mulohazalarni bildirdi.
Ammo fanda, ilmda bir to‘xtamga kelish payti kelmadimi? Yana qachongacha sinov darsliklar tartib berilaveradi? Axir, har ikki yoki to‘rt yilda kitoblar yangilanaversa, bunga millionlab mablag‘ sarflanadi. Yana ayni shu yillar oralig‘ida mualliflar o‘rtasida tanlovlar e’lon qilinib, millonlab pullar ularni rag‘batlantirish uchun ajratiladi...
Bosqichma-bosqich yaratilayotgan darsliklar aslida bir-birini takrorlamasdan, aksincha, mazmunan to‘ldirib borishi, tahsil olayotgan o‘quvchining bilimini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Zero, o‘quvchini novdaga qiyoslaydigan bo‘lsak, uning unib, katta daraxtga aylanishida darslik mualliflarining hissasi salmoqli. Shu bois ularning o‘zlari taqdim qilayotgan darslikda xato qilishga, adashishga haqlari yo‘q. Jamiyatda savodsizlikning oldini olish, yurt ertasi egalarining istiqboli uchun ham bu masalaga jiddiy yondashish shart va zarur.
Nargiza QUVONCHEVA,
Jurnalist
Manba: od-press.uz