MADANIYAT VA TURIZM VAZIRLIGIGA QONUNCHILIK TALABLARINI TA’MINLASh YUZASIDAN TAQDIMNOMA KIRITILDI

MADANIYAT VA TURIZM VAZIRLIGIGA QONUNCHILIK TALABLARINI TA’MINLASh YUZASIDAN TAQDIMNOMA KIRITILDI

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat va turizm vaziri O.A.Nazarbekovning “Koba san’at majmuasi” MCHJning ta’sischi ekanligiga oid xabarlar keng muhokama qilinmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi va natijasi bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:

O‘rganish mobaynida haqiqatdan ham O.Nazarbekovning 2016 yil 16 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Koba san’at majmuasi” MCHJda 100 foizlik ulush bilan ta’sischi ekanligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.

Xuddi shu kabi O‘zbekiston Respublikasining 2012 yil 2 maydagi "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi O‘RQ-328-son Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 2022 yil 8 avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘RQ-788-son Qonunining 13-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnoligi belgilangan.

Bugungi kunda yuqoridagi qonunchilikka nomuvofiqlik bartaraf etilib, “Koba san’at majmuasi” MCHJ ta’sischisi o‘zgartirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2023 yil 30 may kuni Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!