Livan prezidenti yangi bosh vazirni tayinladi
Livanning yaqinda saylangan prezidenti Jozef Aun Xalqaro sud rahbari Navaf Salamni mamlakatning yangi bosh vaziri etib tayinladi.
Dushanba kuni livanlik deputatlarning aksariyati Navaf Salam nomzodini ilgari surdi. Livan parlamentining 128 a’zosidan 84 nafari unga ovoz berdi, bosh vazir vazifasini bajaruvchi Najib Mikati esa bor-yo‘g‘i to‘qqizta ovoz oldi, 35 nafari betaraf qoldi.
Salamga g‘arbparast siyosiy kuchlar deputatlari hamda mustaqil qonunchilar ovoz bergani taxmin qilinadi. Salam Saudiya Arabistoni va G‘arb davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ham ma’lum.
Salamning Livan hukumatining yangi rahbari etib saylanishi mamlakatdagi diniy guruhlar o‘rtasidagi muvozanatda sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Livanning siyosiy tizimi hokimiyatni turli diniy jamoalar o‘rtasida taqsimlashga asoslangan. Shunday qilib, asosiy hukumat lavozimlari ma’lum diniy guruhlar vakillari uchun ajratilgan: mamlakat prezidenti maronit nasroniy bo‘lishi kerak, bosh vazir faqat sunniy musulmon, parlament spikeri esa faqat shia musulmon bo‘lishi mumkin.
So‘nggi yillarda Hizbulloh bir necha bor Salamning bosh vazir bo‘lishiga to‘sqinlik qilgan va uni “AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan nomzod” deb atagan.
Seshanba kuni Najaf Salam bosh vazir etib tayinlanganidan keyin Livanga qaytdi. U Bayrutdagi prezident saroyida Jozef Aun va parlament spikeri Nabih Berri bilan uchrashib, yangi vazirlar mahkamasini shakllantirish jarayonini rasman boshlashi rejalashtirilgan.
Livan matbuotiga ko‘ra, Salamning oldida qiyin vazifa turibdi, chunki Livan Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi urushni tugatish uchun Isroil bilan sulh tuzgan. Salam ham mamlakatni iqtisodiy inqirozdan olib chiqish uchun astoydil harakat qilishi kerak.